
Huawei kompaniyasi o‘zining HarmonyOS operatsion tizimi Xitoy smartfon bozorida jadal o‘sib borayotganini ma’lum qildi. So‘nggi ikki yil ichida ushbu platformaga 27 milliondan ortiq foydalanuvchilar o‘tkazildi.
2024 va 2025-yillarda chiqarilgan HarmonyOS versiyalari Android’ni qo‘llab-quvvatlamaydi. Tizim faqat HarmonyOS uchun maxsus yaratilgan ilovalar bilan ishlaydi. Bu qaror AQSh sanksiyalari sababli Android xizmatlariga kirish cheklangach qabul qilingan.
Huawei ma’lumotiga ko‘ra, HarmonyOS ekotizimi ham tez kengaymoqda. Platforma uchun ilovalar ishlab chiquvchi dasturchilar soni 10 milliondan oshdi. Har kuni ushbu tizimda 100 mingdan ortiq qurilmalar faollashtiriladi. Ilovalarni yuklab olish va yangilashlar soni kuniga 88 million martaga yetmoqda.
Counterpoint Research baholashiga ko‘ra, 2025-yilning ikkinchi choragida HarmonyOS Xitoy smartfonlar uchun operatsion tizimlar bozorida 17 foiz ulushni egalladi. Shu tariqa u oltinchi chorak ketma-ket iOS’ni ortda qoldirdi. Apple tizimining ulushi 16 foizni tashkil etgan. Bozorda yetakchilikni esa hanuz Android saqlab qolmoqda.
Huawei iyun oyida HarmonyOS 6’ni dasturchilar uchun, oktabrda esa keng iste’molchilar uchun taqdim etdi. Yangilangan tizim Apple AirDrop’ga o‘xshash funksiya bilan jihozlandi. U yaqin masofadagi iPhone qurilmalariga fayl uzatish imkonini beradi.
Shuningdek, kompaniya noyabr oxiri va dekabr boshida yangi flagman Mate 80 seriyasi taqdimotidan so‘ng Xitoy smartfon bozorida yana yetakchilikni qo‘lga kiritganini bildirdi. Huawei HarmonyOS’ning ommalashuvi esa kompaniyaning mustaqil texnologik strategiyasi samaradorligini ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Huawei 250 dollarlik MatePad 11.5 planshetini rasman taqdim etgani haqida yozgan edi.