Avto

Huawei va Chery’ning avtomobili noodatiy imkoniyat bilan chiqadi

Akkumulyatorlarni CATL kompaniyasi yetkazib beradi
Foto: CarNewsChina

Huawei va Chery’ning Luxeed V9 miniveni ommaviy ishlab chiqariladigan avtomobillar orasida birinchi bo‘lib shlem shaklidagi xavfsizlik yostig‘i bilan jihozlanadi. Model Xitoy ichki bozorida 2026-yil bahorida taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Luxeed brendi Huawei va Chery o‘rtasidagi qo‘shma loyiha bo‘lib, 2023-yilda HIMA alyansi doirasida ishga tushirilgan. Hozirda brend S7 sedani va R7 krossoverini taklif qilmoqda. 2025-yil yanvar – noyabr oylarida Luxeed’ning 81 mingdan ortiq avtomobili yetkazib berilgan.

Foto: CarNewsChina

Weibo’dagi manbalar ma’lumotiga ko‘ra, Luxeed V9’ning o‘rindiqlariga integratsiyalashgan shlemli xavfsizlik yostig‘i to‘qnashuv vaqtida avtomatik ishga tushadi. Avariya sodir bo‘lishi oldidan o‘rindiqlar xavfsiz holatga qaytadi. Shu bilan birga, yon xavfsizlik yostiqlari ham faollashadi.

Mazkur texnologiya ilk bor 2023-yilda Yanfeng Automotive Interior Systems tomonidan taqdim etilgan. Yanfeng ishlab chiqargan o‘rindiqlar katta burchakda egilish, aylanish va uzoq masofaga siljish imkoniyatiga ega. Tizim ADAS’dan kelgan signallar asosida to‘qnashuvdan oldin o‘rindiqni tik holatga qaytaradi va yo‘lovchining oldinga siljishini kamaytiradi.

Foto: CarNewsChina

Luxeed V9 texnik jihatdan flagman sifatida pozitsiyalanadi. Model Chery ishlab chiqqan E0X modul platformasiga asoslanadi. Avtomobil uzunligi 5,3 metrdan oshadi. U Huawei’ga tegishli elektr uzatma tizimi, yangi avlod faralari, yirik yo‘lovchi ekranlari, muzlatkich, kislorod konsentratori va 192 chiziqli LiDAR bilan jihozlanadi.

Miniven ikkinchi qatorda nol og‘irlik rejimiga ega ikkita mustaqil o‘rindiqqa ega bo‘ladi. Shuningdek, elektr ochiladigan va yumshoq yopiladigan old yukxona taklif etiladi. Luxeed V9 800 voltli tizim va Huawei’ning Qiankun Advanced Driving System yechimi bilan jihozlanadi va L3 darajali avtonom haydovchilikka tayyor bo‘ladi.

Model sof elektr (EV) va kengaytirilgan zaxiraga ega elektr (EREV) talqinlarda taqdim etiladi. Akkumulyatorlarni CATL kompaniyasi yetkazib beradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chery Exeed yangi elektromobillar qatorini taqdim etgani haqida yozgan edi.