Kutilmalarni oqlamagan 5 ta innovatsion smartfon

Texnologiya bozorida eng yirik kompaniyalar ham xatodan sug‘urta qilinmagan. Ba’zan ortiqcha innovatsiyaga intilish yoki foydalanuvchi ehtiyojini noto‘g‘ri tushunish millionlab dollarlik zararlar va obro‘ning to‘kilishiga olib keladi. Quyida katta va’dalar bilan taqdim etilib, yakunda muvaffaqiyatsizlikka uchragan beshta mashhur smartfon tarixiga nazar solamiz.
Samsung Galaxy Note 7
Bu smartfon o‘z davrining eng mukammal qurilmasi bo‘lishi kutilgan edi. Samsung uni premium dizayn, IP68 standarti bo‘yicha suvdan himoya, takomillashgan stilus va hatto ko‘z rangdor pardasi skaneri bilan jihozlagan edi. Biroq barchasini bitta jiddiy muhandislik xatosi yo‘qqa chiqardi.

Muhandislar estetik go‘zallik ortidan quvib, juda ingichka korpusga o‘ta katta sig‘imli batareyani joylashtirishga urindi. Akkumulyator ichidagi yuqori bosim qisqa tutashuv va yong‘inlarga sabab bo‘ldi. Dunyo bo‘ylab smartfonlarning o‘z-o‘zidan yonib ketishi holatlari ko‘paygach, Samsung modelni ikki marta qaytarib olishga va yakunda ishlab chiqarishdan butunlay olib tashlashga majbur bo‘ldi.
HTC First
2013-yilda Facebook o‘zining ijtimoiy tarmog‘i uchun maxsus qurilma kerak deb hisobladi va HTC bilan hamkorlikda HTC First’ni taqdim etdi. Uning o‘ziga xosligi Facebook Home qobig‘ida edi. Bosh ekran to‘liq do‘stlar lentasidan iborat bo‘lib, chatlar tizimga chuqur integratsiya qilingandi.

Biroq loyiha muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Asosiy muammo shunda ediki, Facebook Home dasturini istalgan Android smartfonga o‘rnatish imkoniyati bor edi. Qolaversa, HTC First o‘rtacha kamera va texnik ko‘rsatkichlarga ega bo‘lib, foydalanuvchilar shundoq ham bor ilova uchun alohida, $99 lik telefon sotib olishni mantiqsiz deb topdi.
RED Hydrogen One
Mashhur kinokameralar ishlab chiqaruvchisi RED mobil bozorga $1300 lik ulkan ambitsiya bilan kirib keldi. Hydrogen One’ning asosiy yutug‘i maxsus ko‘zoynaksiz 3D-tasvirni ko‘rsatuvchi 4V golografik ekrani bo‘lishi kerak edi.

Amalda esa texnologiya xom bo‘lib chiqdi. 3D material sifatsiz, xira va ko‘zni tez charchatadigan edi. Oddiy rejimda ham ekran tasviri donador va xira ko‘rinardi. Eskirgan protsessor, va’da qilingan modulli aksessuarlarning sotuvga chiqmay qolishi va kutilganidan past sifatli kameralar loyihani butunlay cho‘ktirdi.
Amazon Fire Phone
Amazon smartfon bozorini Dynamic Perspective funksiyasi bilan zabt etmoqchi bo‘ldi. Qurilmaning old paneliga joylashtirilgan beshta kamera foydalanuvchi boshining holatini kuzatib, ekranda 3D effektini yaratardi.

Lekin smartfonning asosiy kamchiligi vizual effektlarda emas, balki dasturiy ta’minotda edi. Qurilmada Google xizmatlari yo‘q edi, foydalanuvchilar faqat Amazon do‘koni bilan cheklanib qolishdi. Firefly (tovarlarni tanib olish) funksiyasi qiziqarli bo‘lsa-da, uni oddiy ilova sifatida ham ishlatish mumkin edi. $650 lik yuqori narx va Google ekotizimining yo‘qligi Amazon telefonini tarixga aylantirdi.
BlackBerry Storm
Sensorli ekranlar davri boshlanganda, tugmali telefonlar ishlab chiqaruvchisi BlackBerry o‘zining Storm modelini taqdim etdi. Kompaniya fizik klaviatura hissiyotini saqlab qolish uchun SurePress texnologiyasini qo‘lladi.

G‘oya amalda o‘zini oqlamadi. Matn terish qiyin va sekin kechardi. Bunga qo‘shimcha ravishda Wi-Fi modulining yo‘qligi va xatoliklarga to‘la dasturiy ta’minot qo‘shildi. Natijada sotilgan deyarli barcha qurilmalar do‘konlarga qaytarildi va bu kompaniyaga katta zarar keltirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilning eng uzoq ishlaydigan smartfonlari haqida xabar bergan edi.