Jamiyat

Namanganda Li Auto’ning soxta dileri aniqlandi

Ushbu kompaniya reklama qonunchiligini buzgani ortidan jarimaga tortildi
Foto: Li Auto

Li Auto avtomashinalari reklamasida qonun buzilishi holati yuzasidan Namangandagi bitta mas’uliyati cheklangan jamiyatga moliyaviy jarima qo‘llandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, olib borilgan monitoringlar natijasida Namangan viloyatidagi «Yas-Petrolium Trade» MChJ faoliyatida reklama qonunchiligi talablariga rioya etilmaslik holati aniqlangan.

Xususan, kompaniyaning rasmiy Telegram kanali va Instagram sahifasida Li Auto’ning rasmiy dileri ekani bo‘yicha yolg‘on va chalg‘ituvchi reklamalar joylashtirilgani ma’lum bo‘lgan.

Raqobat qo‘mitasining yozishicha, kompaniyaning ushbu harakatlari oqibatida iste’molchilarda chalg‘ituvchi tasavvur shakllangan va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar asosida qaror qabul qilish ehtimoli vujudga kelgan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan «Yas-Petrolium Trade» MChJga nisbatan «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning tegishli moddalari talablari buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi. Shuningdek, qonun buzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Avvalroq «Kursiv» Xitoyning eng muvaffaqiyatli avtomobil startaplaridan biri bo‘lgan Li Auto 2025-yilda og‘ir sinovlarga duch kelayotganini yozgandi.