O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi ilk bor 8,9 mln so‘mdan oshdi

eʼlon qilindi
Jahon bozorida oltinning spot narxi bir troya unsiyasi uchun $4491,69 ga yetdi
O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi ilk bor 8,9 mln so‘mdan oshdi / Foto: belchonock / depositphotos.com

24-dekabr kuni oltin quymalar narxi yana bir bor rekordni yangiladi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Regulyator xabariga ko‘ra, narxlar barcha toifadagi quymalar bo‘yicha o‘sdi. Xususan, 5 grammli quyma 8,868 mln so‘mdan 8,913 mln so‘mga, 10 grammli quyma 17,736 mln so‘mdan 17,826 mln so‘mga, 20 grammli quyma 35,472 mln so‘mdan 35,651 mln so‘mga ko‘tarildi.

Shuningdek, 50 grammli quyma 89,128 mln so‘m, 100 grammli esa 178,256 mln so‘mni tashkil qildi.

Jahon bozorida ham oltin narxi yuqori o‘sishni qayd etdi. Xususan, 24-dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 12:06 holatiga ko‘ra, jahon bozorida oltinning spot narxi bir troya unsiyasi uchun $4491,69 ga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23-dekabr kuni 5 grammli quyma ilk bor 8,9 mln so‘mga yaqinlashib, rekord o‘rnatgandi. Bunda ham narxlar barcha toifadagi quymalar bo‘yicha o‘sgandi.

Avvalroq jahon bozorlarida oltin narxi AQShda foiz stavkalari pasaytirilishi kutilmalari fonida tarixiy rekordni yangilagani haqida xabar berilgandi. 22-dekabr kuni oltinning bir unsiyasi ilk bor $4,4 ming chegarasidan oshib, $4,4 ming darajasigacha ko‘tarildi.

Joriy yil boshidan buyon oltin qiymati 67 foiz, kumush esa 138 foizga oshdi. Mutaxassislar buni xavfsiz aktivlarga talabning ortishi, geosiyosiy keskinliklar, markaziy banklarning faol xaridlari hamda past foiz stavkalari kutilmalari bilan izohlamoqda. Dollar kursining zaiflashuvi ham qimmatbaho metallarga bo‘lgan talabni kuchaytirdi.

Bozorlar kelasi yili AQShda kamida ikki marta foiz stavkalari pasaytirilishini kutmoqda. Past foiz muhiti esa daromad keltirmaydigan aktivlar, xususan, oltin uchun qulay sharoit yaratadi.

Shuningdek