Yangiliklar

O‘zboshimchalik bilan qurilgan uylarni rasmiylashtirish muddati 3 baravarga qisqartiriladi

Ushbu tartiblar qonunning 2028-yil 1-yanvargacha amal qilishi inobatga olingan holda joriy etilmoqda
Foto: Property

O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari soddalashtirilmoqda. Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi 23-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Unga ko‘ra, bitta obyekt bo‘yicha yakuniy xulosa berish muddati 150 kundan 50 kungacha qisqartiriladi. Xususan, vakolatli tashkilotlar xulosasi 20 kun, jamoatchilik muhokamasi 10 kun, adliya organlari ko‘rib chiqishi esa 20 ish kunini tashkil etadi. Ushbu tartiblar qonunning 2028-yil 1-yanvargacha amal qilishi inobatga olingan holda joriy etilmoqda.

Qonun loyihasida soliq va majburiy to‘lovlar masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Hozirda 243 mingdan ortiq obyekt soliq qarzi sababli rasmiylashtirilmay qolgan. Yangi takliflarga ko‘ra, agar soliq qarzi BHMning 30 baravaridan (12,3 mln so‘m) oshmasa, huquqni e’tirof etish mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, to‘lov 20 ish kuni ichida amalga oshirilsa, 50 foizlik chegirma berish, shuningdek soliqni bir yildan uch yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham nazarda tutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha yetti foizga oshgani haqida yozgandi.