Qahramonjon Olimovning «Anorbank»dagi ulushi 49,38 foizgacha qisqardi

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Qahramonjon Olimovning «Anorbank»dagi ulushi 99,38 foizdan 49,38 foizgacha kamaydi.
Olimovga tegishli bo‘lgan 50 foiz aksiyalar Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan Bekamin B.V. kompaniyasi mulkiga o‘tdi.
Joriy yilning uchinchi choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston banklari faolligi reytingida «Anorbank» 20 ta bank orasida 6-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich ikkinchi chorakka nisbatan bir pog‘onaga past.
Oktabr oyining boshiga kelib, bankning foydasi 235,9 mlrd so‘mdan oshgan, jami aktivlari esa 13,5 trln so‘mga baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bankning yagona aksioneri bo‘lgan Qahramonjon Olimov Parij markazida noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgani va tovon puli to‘langach ozod qilingani haqida xabar berilgandi. Xabarga ko‘ra, 48 yoshli moliyachi Parijga biznes hamkorlari bilan uchrashuv o‘tkazish maqsadida borgan. Ammo u yerda kutilmaganda garovga olingan va ikki kundan ortiq noma’lum joyda ushlab turilgan.
Shundan so‘ng bank mazkur hodisa shaxsiy, korporativ bo‘lmagan xususiyatga ega ekanligini va bu bankning operatsion faoliyatiga aloqador emasligini ma’lum qildi.