Qirg‘izistonda elektron sigaretalar importiga vaqtinchalik taqiq joriy etildi

Qirg‘iziston hukumati elektron sigaretalar importiga vaqtinchalik taqiq joriy etdi. Bu haqda Kazinform xabar berdi. Taqiq elektron sigaretalar uchun mo‘ljallangan kartridjlarga ham tatbiq qilinadi.
Qaror hujjat e’lon qilingan kundan 15 kun o‘tib kuchga kiradi. Hukumat taqiqni joriy etishdan maqsad aholi salomatligini muhofaza qilish va nikotinga qaramlikni kamaytirish ekanini ta’kidladi. Ayniqsa, yoshlar orasida bunday mahsulotlar iste’molini cheklash asosiy vazifa sifatida ko‘rsatilgan.
Mintaqada elektron sigaretalarga nisbatan cheklovlar kuchayib bormoqda.
Qozog‘istonda elektron sigaretalarni sotish va reklama qilish 2024-yil iyunidan buyon taqiqlangan. O‘zbekistonda esa ularning tarqatilishiga nisbatan cheklovlar joriy yil noyabridan kuchga kirgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tojikistonda elektron sigaretlar to‘liq taqiqlanayotgani haqida yozgan edi.