Banklar va moliya

Qozog‘iston 2026-yilda budjet taqchilligini yopish uchun 1,9 mlrd dollarlik obligatsiya chiqaradi

2026-yil yanvar – fevral oylarida Qozog‘iston Xitoy moliya bozorida panda-obligatsiyalar chiqaradi
Qozog‘iston 2026-yilda budjet taqchilligini yopish uchun 1,9 mlrd dollarlik obligatsiya chiqaradi
Qozog‘iston 2026-yilda budjet taqchilligini yopish uchun 1,9 mlrd dollarlik obligatsiya chiqaradi / Foto: depositphotos

Qozog‘iston 2026-yilda xalqaro moliya bozorlarida jami $1,9 milliard miqdorida obligatsiyalar joylashtirishni rejalashtirmoqda. Kursiv Media’ga ko‘ra, ushbu mablag‘lar respublika budjeti taqchilligini qoplashga yo‘naltiriladi.

Dastlab 2026-yil yanvar – fevral oylarida Qozog‘iston Xitoy moliya bozorida panda-obligatsiyalar chiqaradi. Ular Xitoy milliy valyutasi yuanda chiqariladi va Xitoy ichki bozorida sotiladi. Ularning umumiy hajmi $300 – 400 millionga teng bo‘lishi kutilmoqda. Bu orqali mamlakat Xitoy investorlarini jalb etib, davlat qarzi manbalarini diversifikatsiyalashni maqsad qilgan.

Shundan so‘ng, 2026-yil yoz oylarida Yevropa bozorida $1,5 milliard miqdorida dollarda ifodalangan yevroobligatsiyalar chiqarilishi rejalashtirilgan. Ushbu obligatsiyalar ham xalqaro investorlar uchun taklif etiladi.

Panda-obligatsiyalar va yevroobligatsiyalardan tushadigan barcha mablag‘lar Qozog‘istonning budjeti taqchilligini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2030-yilgacha O‘zbekiston fond bozoriga $400 mlnlik korporativ obligatsiyalar chiqarilishi xabar qilingandi. Shuningdek, «tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi doirasida yangi moliyaviy vositalarni sinovdan o‘tkazish imkoniyatlari kengaytiriladi.