
Red Sea Global (RSG) kompaniyasi futbol yulduzi Krishtianu Ronaldu va uning turmush o‘rtog‘i Jorjina Rodriges «Nujuma» majmuasidan ko‘chmas mulk sotib olganini ma’lum qildi. Ritz-Carlton Reserve tarmog‘iga kiruvchi ushbu orol quruqlikdan 26 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, unga faqat maxsus qayiq yoki gidrosamolyotda borish mumkin.

Juftlik oroldan ikkita villa xarid qildi. Biri barcha oila a’zolari bilan vaqt o‘tkazish uchun uch xonali, ikkinchisi esa xoli dam olishga mo‘ljallangan ikki xonali inshootdir. Nujuma dunyodagi bor-yo‘g‘i sakkizta Ritz-Carlton Reserve majmualaridan biri bo‘lib, unda jami 19 ta xususiy villa mavjud.

«Qizil dengiz chindan ham ajoyib joy, birinchi marta tashrif buyurganimizdan boshlab, Jorjina va men orol hamda uning tabiiy go‘zalligi bilan bog‘liqlikni his qildik. Bu biz o‘zimizni xotirjam his etadigan joy. Endi bizning bu yerda uyimiz bor, biz xohlagan vaqtda oilamiz bilan to‘liq maxfiylik va xotirjamlikda sifatli vaqt o‘tkazishimiz mumkin», – dedi Ronaldu.
Futbolchining so‘zlariga ko‘ra, endilikda ular xohlagan vaqtda oilasi bilan to‘liq maxfiylikda hordiq chiqarish imkoniga ega. RSG guruhi bosh direktori Jon Pagano ushbu xarid hududning sarguzasht va tabiat qo‘ynidagi hashamatni izlovchilar uchun jozibadorligini isbotlashini ta’kidladi.

Mazkur loyiha Saudiya Arabistonining «Vision 2030» dasturi doirasida amalga oshirilayotgan bo‘lib, u to‘liq qayta tiklanadigan energiya manbalarida ishlaydi. Ishlab chiquvchilar 2040-yilga kelib, biologik xilma-xillikni, jumladan, o‘rmonlarni va marjon riflarini ko‘paytirish orqali mahalliy ekotizimga 30 foiz sof foyda keltirishni maqsad qilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Krishtianu Ronaldu «Forsaj» filmida rol ijro etishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.