
Samsung One UI 8.5 interfeysini ichki testlar doirasida sezilarli kengaytirdi. Ichki beta dasturida esa yigirmadan ortiq model ishtirok etmoqda.
Sinovlar flagmanlar bilan cheklanmayapti. Ularga Galaxy S24 va S23 oilalari, ularning FE talqinlari, shuningdek, o‘rta va budjet segmentidagi Galaxy A qatori ham qo‘shilgan. Bukiladigan qurilmalar ham testdan o‘tmoqda. Bu Z Fold va Z Flip’ning bir nechta avlodlarini qamrab oladi.
Keng ko‘lamli ichki testlar barqaror versiyani tezroq tayyorlashga xizmat qiladi. Kompaniya tizimni rasmiy taqdimotdan so‘ng qisqa muddatda ommaviy tarqatishni maqsad qilgan.
Kutilishicha, One UI 8.5’ning barqaror talqini kelasi yil boshida taqdim etiladigan Galaxy S26 liniyasi bilan bir vaqtda chiqariladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S24 Ultra va Galaxy S25 Ultra modellari taqqoslangani haqida yozgan edi.