
Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyevni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi, Qozog‘istonda 16 yoshli qizni zo‘rlab o‘ldirgan o‘zbekistonlik umrbodga qamaldi — Kursiv Uzbekistan tomonidan 24-dekabrning muhim hodisalari jamlandi.
Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyevni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi

24-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbatida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevni tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi. Mirziyoyev Aliyevning Ozarbayjon mustaqilligini mustahkamlash, mamlakatni birlashtirish, barqaror rivojlanishini ta’minlash va xalqaro nufuzini oshirishdagi muhim tarixiy rolini alohida ta’kidladi.
Ronaldu Saudiya Arabistonidagi hashamatli oroldan ko‘chmas mulk xarid qildi

Red Sea Global (RSG) kompaniyasi futbol yulduzi Krishtianu Ronaldu va uning turmush o‘rtog‘i Jorjina Rodriges «Nujuma» majmuasidan ko‘chmas mulk sotib olganini ma’lum qildi. Ritz-Carlton Reserve tarmog‘iga kiruvchi ushbu orol quruqlikdan 26 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, unga faqat maxsus qayiq yoki gidrosamolyotda borish mumkin.
Greta Tunberg Londonda hibsga olindi

Shvetsiyalik faol Greta Tunberg seshanba kuni Londonda o‘tkazilgan falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash namoyishida hibsga olindi. Londondagi politsiya bo‘limi 22 yoshli faol mart oyigacha garov evaziga ozod qilinganini ma’lum qildi. «Prisoners for Palestine» tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, Tunberg «Men Palestine Action mahbuslarini qo‘llab-quvvatlayman. Men genotsidga qarshiman» yozuvi tushirilgan plakatni ko‘tarib chiqqan edi. Britaniya hukumati «Palestine Action» guruhini terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan.
O‘zboshimchalik bilan qurilgan uylarni rasmiylashtirish muddati 3 baravarga qisqartiriladi

O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari soddalashtirilmoqda. Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi 23-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, bitta obyekt bo‘yicha yakuniy xulosa berish muddati 150 kundan 50 kungacha qisqartiriladi. Xususan, vakolatli tashkilotlar xulosasi 20 kun, jamoatchilik muhokamasi 10 kun, adliya organlari ko‘rib chiqishi esa 20 ish kunini tashkil etadi.
Qahramonjon Olimovning «Anorbank»dagi ulushi 49,38 foizgacha qisqardi

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Qahramonjon Olimovning «Anorbank»dagi ulushi 99,38 foizdan 49,38 foizgacha kamaydi. Olimovga tegishli bo‘lgan 50 foiz aksiyalar Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan Bekamin B.V. kompaniyasi mulkiga o‘tdi.
Qozog‘istonda drift qilgan haydovchi Yangi yil archasini qulatdi

Qozog‘istonning Turkiston viloyatida avtomobil va archa ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Ulysmedia.kz xabar berdi. Hodisa 23-dekabr kuni kechqurun Sariag‘ash tumanida sodir bo‘lgan. Avtomobil markaziy maydonga kirib, Yangi yil archasiga zarar yetkazgan, shundan so‘ng haydovchi voqea joyidan ketib qolgan.
Toshkentning ayrim ko‘chalarida 25-dekabrdan harakat vaqtincha cheklanadi

Toshkent shahrining Sergeli va Bektemir tumanlarida tadbirlar munosabati bilan 17 kun davomida ayrim yo‘l uchastkalarida avtotransport harakati vaqtincha cheklanadi. Sergeli tumanida 25-dekabrdan tunu kun (24/7) faoliyat yuritadigan gastronomik turizm ko‘chasida yangi yil tadbirlari o‘tkazilishi munosabati bilan qator ko‘chalarda transport vositalari harakati vaqtincha cheklanadi
Qozog‘istonda 16 yoshli qizni zo‘rlab o‘ldirgan o‘zbekistonlik umrbodga qamaldi

Qozog‘istonning Turkiston viloyati, To‘rtko‘l qishlog‘ida 16 yoshli qizni zo‘rlab o‘ldirgan O‘zbekiston fuqarosiga sud hukmi o‘qildi. Sudda erkak o‘z aybini to‘liq tan olmagan, biroq sud tergov tomonidan taqdim qilingan dalillarni yetarli va ishonchli deb topgan.
O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi ilk bor 8,9 mln so‘mdan oshdi

24-dekabr kuni oltin quymalar narxi yana bir bor rekordni yangiladi. Regulyator xabariga ko‘ra, narxlar barcha toifadagi quymalar bo‘yicha o‘sdi. Xususan, 5 grammli quyma 8,868 mln so‘mdan 8,913 mln so‘mga, 10 grammli quyma 17,736 mln so‘mdan 17,826 mln so‘mga, 20 grammli quyma 35,472 mln so‘mdan 35,651 mln so‘mga ko‘tarildi.
Toshkent metrosining 48 ta bekatida kaft orqali to‘lov tizimi joriy etildi

Poytaxt metrosining 48 ta bekatida yo‘l haqini kaft orqali to‘lash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Unga ko‘ra, shahar metrosida jami 50 ta bekat mavjud bo‘lib, ulardan 48 tasida kaft orqali to‘lovni amalga oshirish imkonini beruvchi qurilmalar o‘rnatilgan. Shuningdek, 29 ta bekatda yo‘lovchilar ro‘yxatdan o‘tishi uchun maxsus qurilmalar mavjud.
«Nasaf» mehmonda «Al Ittihod»ga mag‘lub bo‘ldi

Osiyo Chempionlar ligasi Elit musobaqasining 6-turi doirasida «Nasaf» safarda Saudiya Arabistonining «Al Ittihod» jamoasi bilan kuch sinashdi. Uchrashuvning 57-daqiqasida Karim Benzema tomonidan kiritilgan gol o‘yin taqdirini hal qildi va bahs 1:0 hisobida mezbonlar g‘alabasi bilan yakunlandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 23-dekabrning muhim hodisalarini e’lon qilgandi.