
Aksariyat sayohatchilar mashhur kurortlar va gavjum shaharlarga intilishsa-da, dunyoda hali to‘liq kashf etilmagan va ommaviy turizm ta’siridan xoli davlatlar mavjud. HowStuffWorks nashri o‘zining betakror tabiati va madaniyatiga qaramay, sayyohlar e’tiboridan chetda qolayotgan 6 ta mamlakatga e’tibor qaratdi.
Tuvalu

Marjon riflaridan iborat ushbu mitti davlat dunyodagi eng kam tashrif buyuriladigan mamlakat hisoblanadi va yiliga o‘rtacha 3,7 ming nafar mehmon qabul qiladi. Gavayi va Avstraliya o‘rtasida joylashgan Tuvalu ommaviy qurilishlardan xoli bo‘lib, poytaxt Funafutidagi kichik aeroport haftasiga sanoqli reyslargagina xizmat ko‘rsatadi.
Marshall orollari

Tinch okeanining markaziy qismida joylashgan ushbu orol davlatiga yiliga 7 mingdan kam sayyoh keladi. Garchi hudud Ikkinchi jahon urushi tarixi va toza plyajlarga boy bo‘lsa-da, cheklangan turistik infratuzilma va dengiz sathining ko‘tarilishi jiddiy muammolarni tug‘dirmoqda.
Solomon orollari

Vulqonli orollar va YUNESKOning Butunjahon merosi obyektlariga ega bo‘lishiga qaramay, uzoq masofa va sekin rivojlanayotgan turizm sababli bu yerga kamdan-kam sayyoh boradi. Hududda barqaror turizmga e’tibor qaratilmoqda.
Janubiy Sudan

Fuqarolik urushi va siyosiy beqarorlik tufayli Janubiy Sudan eng kam boriladigan va dunyodagi eng qashshoq davlatlar qatorida qolmoqda. Shunga qaramay mamlakat milliy bog‘lar va rang-barang etnik madaniyatga ega bo‘lib, ayrim kompaniyalar xavfsizlik choralari ostida maxsus turlar tashkil etmoqda.
Komor orollari

Madagaskar va Mozambik oralig‘idagi ushbu vulqonli arxipelag sobiq fransuz koloniyasi hisoblanadi. Fransuz va arab madaniyati uyg‘unlashganiga qaramay, tez-tez sodir bo‘ladigan tabiiy ofatlar va infratuzilma yetishmovchiligi sayyohlar oqimini cheklab qo‘ygan.
Kiribati

Xalqaro sana chizig‘ida joylashgan ushbu davlat iqlim o‘zgarishiga eng moyil hududlardan biridir. Feniks orollari guruhini o‘z ichiga olgan Kiribati Tinch okeani xalqlarining chidamliligi va an’analarini o‘rganish uchun noyob manzil hisoblanadi, biroq turizm infratuzilmasi deyarli mavjud emas.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Parij ketma-ket beshinchi bor dunyoning eng jozibali shahri deb topilgani haqida xabar bergan edi.