
24-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbatida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevni tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Mirziyoyev Aliyevning Ozarbayjon mustaqilligini mustahkamlash, mamlakatni birlashtirish, barqaror rivojlanishini ta’minlash va xalqaro nufuzini oshirishdagi muhim tarixiy rolini alohida ta’kidladi.
Suhbat davomida O‘zbekiston – Ozarbayjon do‘stlik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Joriy Iqtisodiy kooperatsiya yili doirasida amalga oshirilgan ishlar samarali bo‘lgani aytildi.
Tomonlar barcha darajalarda muloqot va almashinuvlar izchil davom etayotganini, o‘zaro savdo hajmi oshib borayotganini, «Yo‘l xaritasi» asosidagi 20 ta ustuvor loyiha faol bosqichga kirganini ta’kidladi. Shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlik dasturi ham faol amalga oshirilmoqda.
Prezidentlar xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashib, kelgusidagi hamkorlik rejalari haqida so‘zlashdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiya bosh vaziri Mirziyoyevning sovg‘alarini sotuvga qo‘ygani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, Jorja Meloniga berilgan qimmatbaho sovg‘alar kimoshdi savdosiga qo‘yiladi va tushgan mablag‘ xayriya tashkilotlariga yuboriladi. Sotuvga qo‘yilgan narsalar qatorida 2023-yilning yanvar oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan sovg‘a qilingan olmos, oltin va sitrin zanjir (pushti va binafsha gullardan iborat guldasta bilan birga) ham bor.