Madaniyat

Shirin Abdullayeva, Yoqub Ahmedov — 2025-yilda kimlar vafot etdi

Marhumlar orasida jamoat arboblari, san’atkorlar va olimlar ham bor
Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Shirin Abdullayeva, Yoqub Ahmedov, Mirabbos Mirzaahmedov — 2025-yilda bir qancha el ardog‘idagi insonlar vafot etdi. Kursiv Uzbekistan yil yakunida marhumlarni xotirlaydi.

Shirin Abdullayeva

Foto: Shirin Abdullayeva instagram sahifasi

Zulfiya mukofoti sovrindori, yosh xonanda Shirin Abdullayeva 20 yoshga yetmasdan, og‘ir xastalik tufayli vafot etdi.

Shirin Abdullayeva 2005-yil 14-dekabr kuni Namangan viloyati, Namangan shahrida tug‘ilgan. U yosh bo‘lishiga qaramay, san’atda o‘z yo‘lini topishga ulgurgan edi. 2023-yilda san’at yo‘nalishidagi faoliyati uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

Marhuma faqat musiqaga emas, bir nechta sohalarga qiziqish bildirgan. U Shaolin jang san’ati bilan shug‘ullangan, rus, xitoy va ingliz tillarini mukammal bilgan. Shuningdek, u kinolarda ham rol ijro etib, o‘zini ijodiy jihatdan ko‘p qirrali yosh iste’dod sifatida namoyon qilgan.

Shirin Abdullayevaning «Lo‘li», «Metro», «Bezori» kabi qo‘shiqlari YouTube platformasida millionlab tomosha qilingan. U qisqa ijodiy faoliyati davomida keng auditoriya mehrini qozonishga ulgurgan edi.

Husan Musaboyev

Foto: Vikipediya

O‘zbek teatr va televideniyesi namoyandasi, aktyor Husan Musaboyev 2025-yil 8-fevral kuni 71 yoshida vafot etdi.

Husan Musaboyev 1953-yilda tug‘ilgan. U tomoshabinlar xotirasida, avvalo, Televizion miniatyuralar teatri sahnasidagi komedik rollari orqali qolgan. Aktyor teatr va televideniyedagi chiqishlari bilan o‘ziga xos ijro uslubi, tabiiy hazili va jonli obrazlari bilan muxlislar mehrini qozongan.

U san’atga sadoqatli ijodkor sifatida ko‘p yillar sahnada faoliyat olib borgan. Husan Musaboyevga O‘zbekiston xizmat ko‘rsatgan artisti unvoni berilgan. Shu bilan birga, u yosh aktyorlar bilan ishlagan, ularga sahna madaniyati va aktyorlik mahorati bo‘yicha saboq bergan.

Nafisa To‘xtayeva

Foto: Vikipediya

Maqom san’atining taniqli namoyandasi, xonanda Nafisa To‘xtayeva 2025-yil 21-fevral kuni 83 yoshida vafot etdi.

Nafisa To‘xtayeva 1942-yilda tug‘ilgan bo‘lib, o‘zbek mumtoz musiqasining rivojiga katta hissa qo‘shgan san’atkorlardan edi. U O‘zbekiston xalq artisti faxriy unvoniga ega bo‘lgan.

Ijodiy faoliyati davomida u O‘zbekiston Davlat filarmoniyasi sahnasida hamda Yunus Rajabiy nomidagi «Maqom» ansambli tarkibida solist sifatida ishlagan. Nafisa To‘xtayevaning ijrosida 50 dan ortiq klassik maqom asarlari O‘zbekiston milliy «Oltin fond»iga kiritilgan.

U ijro etgan «Saraxbori Oromijon», «Ey Nazokat» kabi maqom va qo‘shiqlar o‘zbek musiqiy merosining bebaho durdonalariga aylangan. Nafisa To‘xtayevaning vafoti maqom san’ati va milliy musiqa ixlosmandlari uchun katta yo‘qotish bo‘ldi.

Mansur Ravshanov

Foto: Madaniyat vazirligi

O‘zbekiston xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, teatr va kino aktyori Mansur Ravshanov 2025-yil 11-aprel kuni 88 yoshida vafot etdi.

Mansur Ravshanov 1937-yilda tug‘ilgan. U o‘zining ko‘p yillik ijodiy faoliyatini asosan Surxondaryo viloyati drama teatri bilan bog‘lagan. Aktyor teatr sahnasida yuzdan ortiq spektakllarda rol ijro etib, turli xarakter va qiyofalardagi obrazlari bilan tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

U sahna san’atiga fidoyi munosabati, aktyorlik mahorati va ijodiy mas’uliyati bilan ajralib turgan. Mansur Ravshanov ijodi bir necha bor davlat mukofotlari bilan e’tirof etilgan. U turli avlod tomoshabinlari qalbidan joy olgan san’atkor sifatida xotirada qoladi.

Azim Latipov

Foto: Vikipediya

O‘zbekiston Qahramoni, siyosiy va agrar soha arbobi Azim Latipov 2025-yil 6-iyun kuni 74 yoshida vafot etdi.

Azim Latipov 1951-yilda tug‘ilgan bo‘lib, davlat boshqaruvi va qishloq xo‘jaligi sohasida uzoq yillar faoliyat yuritgan. U 1992–1995-yillarda Navoiy viloyatining birinchi hokimi sifatida viloyat boshqaruvi tizimini shakllantirishda muhim rol o‘ynagan.

Faoliyati davomida Latipov uch marta O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi etib saylangan. U davlat va jamiyat rivojiga qo‘shgan hissasi uchun «Shuhrat» ordeni bilan taqdirlangan. 2002-yilda unga mamlakatning eng yuksak mukofoti bo‘lgan O‘zbekiston Qahramoni unvoni berilgan.

Sultonali Rahmatov

Foto: Daryo.uz

Bastakor, yuzlab kuylarni mahorat bilan ifodalagan san’atkor Sultonali Rahmatov 55 yoshida vafot etdi.

Sultonali Rahmatov 1970-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U musiqa sohasida ko‘p yillik faoliyati davomida milliy ohang va zamonaviy uslublarni uyg‘unlashtirgan ijodi bilan tanilgan. Xorazm mumtoz kuylarini sahna va televideniye orqali keng ommaga yetkazishda alohida o‘rin egallagan.

Rahmatov harbiy ansambllarda bastakor va badiiy rahbar sifatida faoliyat yuritgan. U ko‘plab konsert dasturlari va teleko‘rsatuvlar uchun musiqalar yaratgan. Uning asarlari tomoshabinlar va mutaxassislar tomonidan yuksak baholangan.

Uning «Assalom O‘zbekiston», «Rain», «Tovus raqsi» kabi kuylari millionlab muxlislarning yuragidan joy olgan.

2010-yilda Sultonali Rahmatovga O‘zbekiston xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi faxriy unvoni berilgan. U o‘zining boy ijodiy merosi, milliy kuyga sadoqati va san’atga fidoyiligi bilan muxlislar xotirasida qoladi.

Sherqo‘zi G‘oziyev

Foto: Madaniyat vazirligi

Taniqli aktyor, rejissyor va hajviy ijodkor Sherqo‘zi G‘oziyev 2025-yil 26-sentabr kuni 75 yoshida vafot etdi.

Sherqo‘zi G‘oziyev 1950-yilda tug‘ilgan bo‘lib, teatr va kino san’atida uzoq yillar samarali faoliyat olib borgan. U sahna va ekranlarda yaratilgan yorqin obrazlari, o‘ziga xos hajviy uslubi bilan tomoshabinlar e’tiborini qozongan san’atkorlardan biri edi.

Aktyor Kelinlar qo‘zg‘oloni, Temir erkak, Sarvinoz 2 kabi kinofilmlarda hamda ko‘plab teatr spektakllarida rollar ijro etib, xalq orasida keng tanilgan. Uning ijrosi tabiiyligi, obrazlarga jon baxsh eta olishi bilan ajralib turgan.

Sherqo‘zi G‘oziyev san’atdagi xizmatlari uchun O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist faxriy unvoni bilan taqdirlangan. San’atkorning vafoti o‘zbek teatr va kino jamoatchiligi uchun katta yo‘qotish bo‘ldi.

Ismoil Jo‘rabekov

Foto: Xalq so‘zi

Davlat va siyosiy arbob Ismoil Jo‘rabekov 2025-yil 29-sentabr kuni 94 yoshida vafot etdi.

Ismoil Jo‘rabekov 1931-yilda tug‘ilgan bo‘lib, agrar va suv xo‘jaligi sohalarida uzoq yillar faoliyat yuritgan. U ushbu tarmoqlarning rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan, davlat boshqaruvidagi tajribasi bilan tanilgan arboblardan biri bo‘lgan.

1990-yilda Ismoil Jo‘rabekov O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Keyinchalik u Prezident devonida maslahatchi sifatida faoliyat olib borgan va davlat siyosatini shakllantirish jarayonlarida ishtirok etgan.

Davlat va jamiyat oldidagi xizmatlari uchun Ismoil Jo‘rabekov El-yurt hurmati ordeni bilan taqdirlangan.

Yoqub Ahmedov

Foto: O‘zbekiston Milliy akademik drama teatri

O‘zbekiston xalq artisti, teatr va kino aktyori Yoqub Ahmedov 2025-yil 30-oktabr kuni 87 yoshida vafot etdi.

Yoqub Ahmedov 1938-yilda tug‘ilgan. U 1958-yildan buyon O‘zbekiston Davlat akademik drama teatri sahnasida yetakchi rollarni ijro etib, o‘zbek teatr san’atida alohida maktab yaratgan aktyorlardan biri sifatida tanilgan. Uning sahnadagi obrazlari chuqur psixologik talqin va yuksak ijro madaniyati bilan ajralib turgan.

Aktyor kino san’atida ham faol bo‘lgan. U ko‘plab badiiy filmlarda rollar ijro etgan, shuningdek, dublyaj sohasida ham samarali mehnat qilgan. Uning ovozi va ijrosi tomoshabinlar xotirasida muhrlanib qolgan.

San’atdagi fidokorona mehnati uchun Yoqub Ahmedov Fidokorona xizmatlari uchun ordeni hamda bir qator davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. U umrining katta qismini sahna va ijodga bag‘ishlagan san’atkor sifatida o‘zbek teatr va kino tarixida munosib o‘rin egallaydi.

Mirabbos Mirzaahmedov

Foto: RTV

Televizion boshlovchi va rejissyor Mirabbos Mirzaahmedov 2025-yil 20-noyabr kuni 84 yoshida vafot etdi.

Mirabbos Mirzaahmedov 1941-yilda tug‘ilgan. U 60 yildan ortiq ijodiy faoliyati davomida o‘zbek televideniyesi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan taniqli ijodkor sifatida tanilgan. Tomoshabinlar uni, avvalo, Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi ko‘rsatuvining boshlovchisi sifatida yaxshi biladi. Ushbu loyiha orqali u milliy qadriyatlar, hayotiy hikmatlar va ma’naviy merosni keng ommaga yetkazib kelgan.

Ijodiy faoliyati mobaynida Mirzaahmedov televideniye va rejissyorlik sohasida samarali mehnat qilgan. Uning xizmatlari munosib e’tirof etilib, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi faxriy unvoni berilgan. Shuningdek, u Mehnat shuhrati ordeni va Do‘stlik ordeni bilan taqdirlangan.

Toʻlagan Isoqov

Foto: O‘FA

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi faxriylar kengashi raisi, OʻFA Ijroiya qoʻmitasi va Murabbiylar kengashi a’zosi, «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi» Toʻlagan Isoqov 8-noyabr kuni 76 yoshida vafot etdi.

Toʻlagan Isoqov 1949-yil 8-oktabrda Yangi yoʻl tumanida tugʻilgan. U futbolchi sifatida 13 mavsum davomida «Paxtakor» jamoasi sharafini munosib himoya qilgan. 252 ta uchrashuvda maydonga tushib, 52 gol kiritgan.

Rustam Axmedov

Foto: Mudofaa vazirligi

O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri, general-polkovnik Rustam Urmanovich Axmedov 82 yoshida vafot etdi.

Rustam Axmedov 1943-yil 10-noyabrda Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida tug‘ilgan. U Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurti va Zirhli tank qo‘shinlari harbiy akademiyasini tamomlagan.

U 1991 – 1992-yillarda Mudofaa ishlari bo‘yicha vazir va Milliy gvardiya qo‘mondoni, 1992 – 1997-yillarda esa O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.

Rustam Axmedov, shuningdek, 1997 – 1998-yillarda Favqulodda vaziyatlar vaziri bo‘lib ishlagan. U xizmatlari uchun «Faxriy yorliq», «Shon-sharaf» va «Do‘stlik» ordenlari bilan taqdirlangan.