Gadjetlar

Soxta Samsung smartfonlarini ishlab chiqargan yashirin sex fosh etildi

Holat 13-dekabrdan 14-dekabrga o‘tar kechasi o‘tkazilgan reydda aniqlangan
Foto: Hi-tech-mail

Hindiston poytaxti Dehlida soxta Samsung smartfonlarini ishlab chiqargan yashirin sex fosh etildi. Bu haqda The Indian Express xabar bermoqda.

Holat 13-dekabrdan 14-dekabrga o‘tar kechasi o‘tkazilgan reydda aniqlangan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, noqonuniy ishlab chiqarish oddiy savdo do‘koni ko‘rinishida yashirilgan. Tekshiruv davomida Xitoydan keltirilgan butlovchi qismlar asosida smartfon yig‘ish bilan shug‘ullangan to‘rt nafar shaxs qo‘lga olingan.

Tintuv vaqtida sotuvga tayyor bo‘lgan 512 ta soxta qurilma musodara qilindi. Ular Galaxy S Ultra, shuningdek, bukiluvchi Galaxy Z Fold va Galaxy Z Flip modellarini tashqi ko‘rinishda to‘liq takrorlagan. Firibgarlar bu qurilmalarning har birini 40 ming hind rupiyasi ($445) atrofida sotishni rejalashtirgan.

Shuningdek, 124 ta ona plata, 138 ta akkumulyator, yig‘ish uskunalari va 459 ta qalbaki IMEI stikerlari topilgan. Stikerlarda Made in Vyetnam yorlig‘i mavjud bo‘lgan.

Rasmiylar keyingi bosqichda butlovchi qismlar ta’minoti zanjiri va soxta mahsulotlarni tarqatish kanallarini aniqlashni rejalashtirmoqda. Tergov jinoyat tarmog‘ini to‘liq fosh etishga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S24 Ultra va Galaxy S25 Ultra modellari taqqoslangani haqida yozgan edi.