
Toshkent shahridagi yo‘l o‘rtasida avtomobilga chana bog‘lab ikki nafar shaxs bilan birga xavfli harakatlar qilgan haydovchiga chora ko‘rildi. Bu haqda poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, VAZ-2107 mashinasidagi ushbu hodisa joriy yil 20-dekabrdan 21-dekabrga o‘tar kechasi sodir etilgan. Haydovchi tungi soat 12:00-01:00 atrofida do‘stlari bilan chana uchmoqchi bo‘lgan va chanani mashinasiga ulagan. Ammo drift qilganida chanadan tushib ketgan ikki kishidan biri dastlab to‘siqqa borib urilgan va so‘ngra ariqqa qulagan.
«Xavfli ‘tryuk’ bo‘lgani uchun qilgan ishim noto‘g‘riligini tushuntirishdi. Bu ishimdan afsusdaman, qaytib qilmayman», – deydi haydovchi.
Mazkur holat bo‘yicha haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-10-moddasi (yo‘l bezoriligi) bilan tegishli tartibda chora ko‘rilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Turkiston viloyatida drift qilgan haydovchi Yangi yil archasini qulatgandi.