Ko’chmas mulk

Uy sotib olgan yaxshimi yoki ijarada yashashmi: ko‘chmas mulk bozori tahlil qilindi

Joriy yilning uchinchi choragi bo‘yicha Markaziy bank tahlili
Ko‘chmas mulk
Uy sotib olgan yaxshimi yoki ijarada yashashmi: ko‘chmas mulk bozori tahlil qilindi / Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

Joriy yilning uchinchi choragida O‘zbekistonda uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 81,4 mingtani tashkil etdi va o‘tgan yildagiga nisbatan 14 foizdan ko‘proqqa ko‘paydi. Markaziy bank tahliliga ko‘ra, faollikning oshishiga ipoteka kreditlari hajmining kengayishi hamda aholining real daromadlari o‘sishi asosiy omil bo‘ldi.

Shuningdek, joriy yil davomida narxlar o‘tgan choraklarda shakllangan o‘rtacha darajalar atrofida saqlanib qoldi. Bunda bozordagi uy-joy taklifining yetarli bo‘lishi narxlarning keskin o‘sishiga yo‘l qo‘ymayapti, talab esa nisbatan muvozanatlashgan holatda qolmoqda.

Milliy valyutaning mustahkamlanishi fonida so‘m va dollar indekslari o‘rtasida farqli dinamika shakllangan. So‘m hisobida uy-joy narxlarining yillik o‘sish sur’ati past va barqaror bo‘lib qolayotgan bo‘lsa, dollar hisobida o‘sish nisbatan tezroq. Bu holat ko‘chmas mulk bozorida sotuvchilarning dastlabki narxlarni xorijiy valyutada belgilashga moyilligi bilan izohlanadi. Natijada ular aktivlar qiymatini real ifodada saqlab qolish uchun narx kutilmalarini moslashtirmoqda.

Ijara bozorida narxlar o‘sishi tezlashdi

Joriy davrda Toshkent shahrida ijaraga beriladigan uy-joylar narxi dollar hisobida yana o‘sishga chiqdi. Sentabr oyida poytaxtda ijara narxlarining yillik o‘sishi 5,4 foizni tashkil etdi. Respublika bo‘yicha bu ko‘rsatkich yanada yuqori bo‘lib, 8,4 foizga yetdi. Bu holat ijaraga bo‘lgan talabning kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Ijara narxlarining tezroq o‘sishi ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar bilan farqni qisqartirmoqda. Ya’ni uy sotib olish va ijaraga olish o‘rtasidagi narx tafovuti kamayib bormoqda. Mutaxassislar buni bozorning asta-sekin muvozanatlashuvi va ijaraga ehtiyojning ortishi bilan izohlamoqda.

Iqtisodchi Otabek Bakirov Markaziy bank ilk bor yer narxlari bo‘yicha ma’lumotlarni ochiqlamaganini bildirdi. Ilgari sharhlarda kamida Toshkent shahrida bir sotix yerning o‘rtacha narxi va uning o‘zgarishi keltirilar edi.

«O‘zi O‘zbekistonda yerning shaffof va ochiq bozori mavjud emas (eng korrupsiyalashgan soha, xuddi eski davrdagi valyuta savdosi kabi), ikkilamchi bozorda yer sotilishi huquq nuqtai nazaridan va amalda yerustidagi mulkning sotilishini anglatadi. Balki shuning uchun ham regulyator hududlar qirqimida Yer bozori sharhini shakllantirsa, aholi uchun ham, biznes uchun ham ko‘p foydali ishoralar berilgan bo‘lardi», – deydi Bakirov.

Eslatib o‘tamiz, prezident qarori bilan 2026-yil 1-apreldan boshlab ko‘chmas mulk va avtomobil xaridi faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilishi belgilangan. Unga ko‘ra, nafaqat yirik xaridlar, balki davlat organlari xizmatlari, elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi to‘lovlari ham faqat naqdsiz shaklda qabul qilinadi.