
2025-yil davomida WhatsApp messenjeriga foydalanuvchilarning ko‘pchiligi payqamagan, ammo kundalik muloqotni sezilarli darajada osonlashtiradigan 5 ta muhim funksiya qo‘shildi. Ushbu vositalar xavfsizlikdan tortib sun’iy intellektga asoslangan qulayliklargacha qamrab oladi.
Passkeys (kalit so‘zlar) orqali himoya

Xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida endi akkauntga kirish uchun har safar kod kiritish shart emas. Buning o‘rniga barmoq izi yoki yuzni tanish (Face Unlock) texnologiyasidan foydalanish mumkin. Bu usul, hatto SIM-karta o‘zgalar qo‘liga tushib qolganda ham, hisobga ruxsatsiz kirishning oldini oladi.
Bitta telefonda bir nechta hisob

Shaxsiy va ish raqamlarini bitta qurilmada ishlatuvchilar uchun qulaylik yaratildi. Endi uchinchi tomon ilovalarisiz bitta WhatsApp ilovasi ichida ikki xil raqamni qo‘shish va ular orasida bir tugma orqali almashish imkoniyati mavjud.
Chat ichida tarjima

Muloqotdagi til to‘sig‘ini yo‘qotish uchun chatning o‘zida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima funksiyasi ishga tushdi. Foydalanuvchi xabarni bosib turib, uni kerakli tilga o‘girishi mumkin, buning uchun matnni nusxalab boshqa tarjimon dasturiga o‘tish talab etilmaydi. Til paketlarini yuklab olish orqali jarayonni tezlashtirish mumkin.
AI yordamida xabarlar xulosasi

Guruh chatlarida yig‘ilib qolgan yuzlab o‘qilmagan xabarlar mazmunini qisqacha taqdim etuvchi sun’iy intellekt (AI) xulosalari joriy qilindi. Bu funksiya foydalanuvchiga vaqtni tejash va uzun yozishmalardagi eng muhim nuqtalarni tezda anglashga yordam beradi.
Yuqori sifatli media ulashish

Avvallari WhatsApp surat va videolar hajmini kichraytirish hisobiga ularning sifatini tushirgan bo‘lsa, endi fayllarni HD formatda yuborish imkoni mavjud. Sozlamalarda yuqori sifat tanlansa, tasvirlar aniq va tiniq yetib boradi, biroq bu ko‘proq ma’lumotlar va xotira hajmini talab qilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan WhatsApp yangi funksiyalarni ichiga olgan yangilanishni taqdim etgani haqida xabar bergan edi.