Yangiliklar

Xorazmda IIB xodimi 30 ming dollar pora bilan qo‘lga tushdi

Holat yuzasidan jnoyat ishi qo‘zg‘atildi
korrupsiya
Xorazmda IIB xodimi 30 ming dollar pora bilan qo‘lga tushdi / Foto: ijtimoiy tarmoq

Xorazm viloyatining Xiva shahrida IIB Tezkor-qidiruv xizmatining katta tezkor vakili yirik miqdordagi pora ustida qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, xodim Xiva shahri hududidagi qishloq xo‘jaligi yerlarida uy-joy qurish uchun ruxsat berish evaziga fuqarodan $30 ming olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi hamda 28, 211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Shuningdek, Farg‘ona viloyatida Buvayda tumanida yashovchi 27 yoshli shaxs tanishi bilan til biriktirib, o‘zi va 14 nafar yoshlarga dehqonchilik qilish uchun davlat tomonidan ajratilgan jami 3 gektar yerni xaridor nomiga rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan. Buning evaziga jami 115 mln so‘m talab qilingan. Ular $9,5 ming va 700 ming so‘m olayotgan vaqtida organlar xodimlari tomonidan ushlangan.

Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari hamda 229-6-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda firibgar advokatga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan edi.