Yangi yil orzulari: bolalar qanday sovg‘alarni xohlashadi

Yangi yil — bolalar uchun eng sehrli bayramlardan biri. Bu kun faqat archa, qor va bayramona kayfiyat emas, balki uzoq kutilgan sovg‘alar bilan ham esda qoladi. Kursiv Uzbekistan Erkebaevlar oilasidagi bolalar bilan suhbatlashdi. Ular Yangi yil arafasida qanday sovg‘alarni orzu qilishlari, zamonaviy va an’anaviy sovg‘alarga munosabatlari haqida o‘z fikrlarini bildirishdi.
Umida (18 yosh)

«Yangi yil bayramini men har doim intiqlik bilan kutaman, chunki bu kun sehrli bo‘ladi. Men endi katta bo‘lsam ham, Yangi yil sovg‘alari menga hamon quvonch bag‘ishlaydi. Bu yil men zamonaviy planshet yoki yaxshi quloqchin olishni juda xohlayman. Chunki darslarimga ham, dam olishimga ham foydali bo‘ladi. Shu bilan birga, chiroyli kundalik daftar yoki kitob sovg‘a qilishsa ham xursand bo‘laman», — dedi qahramonimiz.
Shuningdek, Umida an’anaviy shirinliklar, yangi yil sovg‘a qutisi ham bayram kayfiyatini yanada oshirishini aytdi.
«Yangi yil archasi ostidan sovg‘a topish juda yoqimli. Men uchun sovg‘aning qimmatligi emas, balki e’tibor muhim. Ota-onam bergan har bir sovg‘a men uchun qadrlidir. Ayniqsa, sovg‘a bilan birga iliq tilaklar aytilsa, bayram yanada unutilmas bo‘ladi. Yangi yil menga yangi reja va orzular olib kelishini xohlayman», — deya qo‘shimcha qildi u.
Shaxnoza (17 yosh)

«Men Yangi yilni eng quvnoq bayram deb bilaman. Bu kuni uyimizda archani bezaymiz va chiroqlar yoqamiz. Yangi yilda men ko‘proq zamonaviy sovg‘alarni xohlayman. Masalan, smart-soat yoki telefon uchun aksessuarlar juda yoqadi. Chunki ular kundalik hayotimda kerak bo‘ladi. Shuningdek, sport kiyimlari yoki krossovka ham zo‘r sovg‘a bo‘lardi.
An’anaviy sovg‘alar ichida shirinliklar va yangi yil qutilari menga juda yoqadi. Ba’zan noodatiy sovg‘a, masalan, fotosuratlar albomi ham qiziqarli bo‘ladi», — dedi u.
Shaxnoza uchun oila bilan birga vaqt o‘tkazish esa eng katta sovg‘a. Yangi yil kechasida sovg‘a ochish esa juda hayajonli. U bayramda hamma baxtli bo‘lishini xohlaydi.
Mardonbek (17 yosh)
Asosiy qiziqishi futbol bo‘lgan qahramonimizning Yangi yil sovg‘asi sifatida niam kutayotgani kundek ravshan bo‘ldi.
«Yangi yil yaqinlashganda men juda hayajonlanaman. Chunki bu bayramda orzularim ushalishiga ishonaman. Men yangi yilda futbol bilan bog‘liq sovg‘a olishni xohlayman. Masalan, professional futbol to‘pi yoki sport sumkasi. Zamonaviy sovg‘alardan esa o‘yin uchun quloqchin yoki klaviatura yoqadi.

An’anaviy sovg‘a sifatida shirinliklar albatta bo‘lishi kerak. Yangi yil sovg‘a qutisini ochish eng yoqimli daqiqalardan biri. Ba’zan noodatiy sovg‘a, masalan, sevimli futbolchimning futbolkasi juda quvontiradi. Menga sovg‘ani kim bergani ham muhim. Ota-onam va yaqinlarim sovg‘a bersa, yanada xursand bo‘laman. Yangi yil menga omad va muvaffaqiyat olib kelsin».
Shaxriyor (14 yoshda)
Shaxriyor ham aka-opalari qatorida bayramni yaxshi xotiralar bilan o‘tkazishni niyat qilmoqda.
«Men Yangi yilni juda yaxshi ko‘raman. Chunki bu kunda ko‘p sovg‘alar bo‘ladi. Men ko‘proq o‘yinchoqlar va zamonaviy konstruktorlar xohlayman. Lego yoki robot o‘yinchoqlar juda qiziq. Telefon uchun kichik o‘yinlar ham yoqadi. An’anaviy sovg‘a sifatida mashinalar va shirinliklar yaxshi. Yangi yil archasi ostidan sovg‘a topish juda quvonchli. Ba’zan noodatiy sovg‘a, masalan, rangli chiroq yoki proyektor ham zo‘r bo‘lardi».

Shaxriyor do‘stlariga ham sovg‘a berishni yaxshi ko‘radi. U uchun bayramda hamma kulib yursa, shuning o‘zi xursandchilik. Yangi yil ertakdek o‘tshini xohlaydi.
Javlon (15 yoshda)
Javlon hali yosh bo‘lishiga qaramay ilmga juda qiziqadi. Har doim yangilik izlab, kashfiyotlar qilish unga zavq bag‘ishlaydi.

«Yangi yilni doim sabrsizlik bilan kutaman. Chunki bu bayram juda quvnoq bo‘ladi. Men yangi yilda sport bilan bog‘liq sovg‘alar xohlayman. Masalan, velosiped yoki skuter juda yaxshi sovg‘a bo‘lardi. Zamonaviy sovg‘alardan esa planshet yoki o‘yin konsoli yoqadi.
Yangi yil qutisini ochishni yoqtiraman. Ba’zan noodatiy sovg‘a, masalan, tajribalar uchun ilmiy to‘plam ham qiziqarli bo‘ladi. Ota-onam bilan birga bayramni o‘tkazish eng yaxshi sovg‘a. Yangi yil menga yangi bilimlar olib kelsin. Men bu yil ham yaxshi bola bo‘lishga harakat qilaman», — deydi Javlon ko‘zlarida ishonch hissi mavj urib.
Farrux (14 yoshda)

«Yangi yil kelishini juda yaxshi ko‘raman. Chunki bu kunda ko‘p quvonchli lahzalar bo‘ladi. Men yangi yilda mashina va poyga o‘yinchoqlarini xohlayman.
Yangi yil archasi yonida sovg‘a ochish juda qiziqarli. Ba’zan noodatiy sovg‘a, masalan, yorug‘lik chiqaradigan o‘yinchoq ham zo‘r. Do‘stlarim bilan sovg‘alarni solishtirishni yaxshi ko‘raman. Ota-onam sovg‘a bersa, juda xursand bo‘laman. Yangi yil menga omad olib kelsin», — Farrux ham akalari singari bayramni oila davrasida nishonlayotganidan juda baxtiyor.
Nasiba (10 yoshda)
Nasiba va Dilnura oilaning erkatoy qizlari. Ular birga o‘qish bilan bir qatorda, to‘garaklarga ham birgalikda ishtirok etishadi. Hatto, kiyimlarni ham bir xil qilib kiyishadi.
«Men Yangi yilni ertak bayrami deb bilaman. Chunki bu kunda archamiz juda chiroyli bo‘ladi. Men yangi yilda qo‘g‘irchoq va yumshoq o‘yinchoqlar xohlayman. Ba’zan noodatiy sovg‘a, masalan, rangli libos ham xursand qiladi. Men sovg‘alarni opa-singillarim bilan bo‘lishishni yaxshi ko‘raman. Bayramda hamma kulib yursa, men ham xursand bo‘laman. Yangi yil ertagi hech qachon tugamasin».
Shuningdek, Nasiba bayramga chiroyli qo‘g‘irchoq ham kutyapdi. U maktabda bichish-tikish to‘garagiga qatnaydi. Yangi qo‘g‘irchoqlariga kiyimlar tikishni niyat qilgan.

Dilnura (10 yoshda)
«Yangi yilda sovg‘alar ko‘p bo‘ladi. Men yangi bayramda rasm chizish uchun bo‘yoqlar va albom xohlayman. Yangi yil archasi ostidan sovg‘a olish juda yoqimli. Ba’zan noodatiy sovg‘a, masalan, rangli sumka ham zo‘r bo‘lardi. Men onam bilan birga sovg‘alarni ochishni yaxshi ko‘raman. Bayramda qo‘shiqlar aytishni yoqtiraman. Yangi yil barchamizga quvonch olib kelsin», — dedi oilaning erkatoy qahramoni.
«Kursiv»ning navbatdagi materiali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar 3-sonli Oilaviy bolalar uyida o‘tkazilgan intervyular asosida tayyorlandi. Jamshid va Dilnoza 2021-yil noyabr oyida bolalar uyidan 6 nafar bolani (3 nafar qiz va 3 nafar o‘g‘il) o‘z quchog‘iga oldi. Bugun esa oila yanada kengayib, farzandlar soni 9 nafarga yetgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Olovli Ot yili uchun Yangi yil tabriknomalari to‘plami haqida yozgandi.