
Ford kompaniyasi tomonidan Ford Everest Tremor avtomobilining yangilangan versiyasi namoyish etildi. Bu haqda Carcoops xabar bermoqda.
Yangi model Abu-Dabida o‘tkazilgan Liwa festivalida debyut qildi. Yaqin Sharq bozori uchun mo‘ljallangan yangi Ford Everest Tremor 2,7 litrli V6 EcoBoost benzin dvigateli bilan jihozlandi. Ikki turbinali ushbu agregat 350 ot kuchi va 500 Nm aylanish momentini ishlab chiqaradi. Dvigatel 10 pog‘onali avtomat uzatma va to‘liq yetak tizimi bilan ishlaydi. Taqqoslash uchun, Avstraliya bozori uchun ishlab chiqarilgan dizel Tremor versiyasi 247 ot kuchiga ega, aylanish momenti esa 600 Nm ni tashkil etadi.

Tashqi ko‘rinishda Yaqin Sharq versiyasi Avstraliya variantidan deyarli farq qilmaydi. Avtomobil 26 mm ga ko‘tarilgan Bilstein osmasi, pastki qismi uchun mustahkam himoya, 17 dyuymli disklar va General Grabber AT3 shinalari bilan ta’minlangan. Shuningdek, og‘ir yo‘llar uchun Rock Crawl maxsus rejimi ham mavjud.
Ford ma’lumotiga ko‘ra, yangi Everest Tremor o‘z sinfida eng kuchli yo‘ltanlamaslardan biriga aylandi. Uning asosiy raqobatchilari sifatida Toyota Land Cruiser Prado, Toyota Fortuner, Mitsubishi Montero Sport va Nissan X-Terra tilga olinmoqda.

Yangi Ford Everest Tremor yuqori quvvat, off-road imkoniyatlari va zamonaviy texnologiyalar uyg‘unligi bilan Yaqin Sharq bozorida kuchli talabga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Ford kompaniyasi bir qator elektromobillar loyihasidan voz kechgani haqida yozgan edi.