Yangiliklar

Zo‘ravonlik xavfi ostidagi bolalar uchun professional tutingan oila xizmati joriy etiladi

2026-yildan boshlan
O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish strategiyasi tasdiqlandi
Zo‘ravonlik xavfi ostidagi bolalar uchun professional tutingan oila xizmati joriy etiladi / Foto: FTW

Prezident «2026–2030-yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonni qabul qildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-fevraldan zo‘ravonlik oqibatida oilasidan ajratilgan, shuningdek, o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan va ijtimoiy jihatdan xavfli ahvoldagi bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Professional tutingan oilani tashkil etishga nomzodlar bolalarda zo‘ravonlik oqibatida yuzaga kelgan ruhiy jarohatlarning salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan ijtimoiy-reabilitatsiya dasturlari asosida o‘qitiladi. Zo‘ravonlik natijasida oilasidan olingan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar professional tutingan oilalarga «Inson» markazlari orqali, shartnoma asosida joylashtiriladi.

Professional tutingan oilaga har bir joylashtirilgan bola uchun har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravari miqdorida mablag‘ to‘lab boriladi. Shuningdek, bunday oilalarga joylashtirilgan bolalarning yashash xarajatlari uchun qonunchilikda belgilangan miqdorlarda mablag‘ ajratiladi.

2026-yil 1-sentabrdan zo‘ravonlikdan jabrlangan va zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga protsessual harakatlarga jalb etilgan paytdan boshlab davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi. Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning dastlabki ko‘rsatmalari majburiy tartibda video yozuv orqali qayd etiladi. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari haqida xabar bermagan ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimi xodimlari uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.

Shuningdek, 2026-yil 1-martdan «Inson» markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ota-onalari uchun «mehrli oila» xizmati tashkil etiladi. Ushbu xizmat doirasida ota-onalarga farzandlari bilan buzilgan oilaviy munosabatlarni tiklash va ularning ijtimoiylashuviga ko‘maklashish maqsadida oilaviy terapiya xizmatlari bepul ko‘rsatiladi.

Farmon bilan ijtimoiy jihatdan xavfli ahvoldagi bolalar uchun ta’lim tashkilotlariga qabul qilishda qo‘shimcha imkoniyatlar belgilandi. Bunday bolalar vakolatli komissiya qarori va tegishli yo‘llanma asosida ayrim ta’lim muassasalariga bepul, sinov va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qilinadi. Shuningdek, ta’lim tashkilotlari qabul kvotalarini tasdiqlashda ushbu toifadagi bolalar uchun 5 foizgacha qo‘shimcha kvota ajratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq iIkki yil ichida 20 ta Hududiy xizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiilishi haqida xabar bergan edik.