2040-yilga borib O‘zbekistonda omborlarga bo‘lgan talab oshishi mumkin

Yevrosiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston Markaziy Osiyoda ombor (logistika) ko‘chmas mulki sektorining yetakchilaridan biriga aylanib borayotganini qayd etdi.
Prognozlarga ko‘ra, 2040-yilga borib O‘zbekistonda yuqori sifatli omborlarga bo‘lgan talab vaziyatga qarab 5,9 – 7,6 mln kvadrat metrgacha oshishi mumkin. Ombor ko‘chmas mulki segmentida eng yuqori investitsion o‘sish Samarqand, Farg‘ona, Toshkent va Urganch shaharlarida kuzatilmoqda.
Bank tahlillarida qayd etilishicha, talab tuzilmasi sezilarli darajada o‘zgaradi. Ombor maydonlari hajmining potensial o‘sishi quyidagicha baholanmoqda.

- Elektron tijorat sektori uchun – 0,04 mln kvadrat metrdan 1,0–1,2 mln kvadrat metrgacha;
- Chakana savdo uchun – 0,6 mln kvadrat metrdan 3,9–4,9 mln kvadrat metrgacha;
- Agrobiznes uchun – 0,01 mln kvadrat metrdan 1,0–1,44 mln kvadrat metrgacha.
Shuningdek, onlayn buyurtmalarni qabul qilish, saqlash, qadoqlash va mijozlarga yetkazib berish jarayonlarini boshqaradigan savdo va logistikada ishlatiladigan maxsus omborlar yoki markazlar, agrosanoat majmuasi uchun sovitkichli omborlar hamda ixtisoslashgan farmatsevtika obyektlariga bo‘lgan talab tez sur’atlarda o‘sishi prognoz qilinmoqda.
Ma’lumotlarda yozilishicha, omborlarga bo‘lgan talabning asosiy drayverlari tez rivojlanayotgan ichki bozor, yosh aholi va marketpleyslarning kengayishi, kuchli agrar sektor va «sovuq zanjir» infratuzilmasini rivojlantirish zarurati, Xitoy, Afg‘oniston va Yaqin Sharq yo‘nalishlarida tranzit va eksport yo‘laklarining kengayishi hamda sanoatlashtirish jarayonlari va erkin iqtisodiy zonalar hamda sanoat zonalarining rivojlanishi hisoblanadi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) davlatlari orasida sifatli ombor ko‘chmas mulki hajmi bo‘yicha kuchli uchlikdan joy olgani haqida yozgandi.