DDR4 operativ xotira narxlari keskin oshdi

DDR4 operativ xotira narxlari keskin ko‘tarildi. Spoto bozorida 16 GB DDR4 modulining qiymati $60 ga yetdi. Bu haqda Toms Hardware xabar berdi.
Ko‘rsatkich so‘nggi yillar uchun rekord hisoblanadi. Narxlarning o‘sishi fonida Samsung DDR4 xotira ishlab chiqarishni to‘xtatish rejasini kechiktirdi. Avvalroq kompaniya eski standartdan voz kechib, resurslarni HBM va DDR5 xotiralariga yo‘naltirmoqchi edi. Biroq Samsung ishlab chiqarishni kengaytirmaydi. Gap faqat mavjud liniyalar faoliyatini vaqtincha davom ettirish haqida bormoqda. Narxlar oshgani sabab DDR4 yana kompaniya uchun daromadli segmentga aylandi.
Ma’lum qilinishicha, Samsung yirik mijozlardan biri bilan NCNR turidagi shartnoma imzolagan. Bu shartnoma bekor qilib bo‘lmaydi va mahsulotni qaytarish imkonini bermaydi. Yetkazib berish hajmi va narxi oldindan qat’iy belgilanadi.
Mazkur kelishuv doirasida 16 GB DDR4 modulining narxi $20 dan yuqori bo‘ladi. Bu hozirgi bozor narxidan qariyb uch baravar arzon. Shartnoma asosan server segmentiga mo‘ljallangan.
Oddiy foydalanuvchilar uchun esa bu qaror deyarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Chunki iste’molchi elektronikasi ishlab chiqaruvchilari DDR4 bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar tuzishga shoshilmayapti.
Ekspertlarga ko‘ra, SI uchun komponentlarga bo‘lgan yuqori talab yangi xotira turlarining narxini oshirdi. Ayrim kompaniyalar esa eski DDR4 platformalariga qaytishga majbur bo‘ldi. Natijada DDR4 narxlari oshdi, ammo u hanuz DDR5 dan arzonroq bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Xiaomi 17 Ultra 200 dollarga qimmatlashishi haqida yozgan edi.