“Gazprom” 2030-yilga borib Markaziy Osiyoning 3 ta hududiga gaz eksportini oshiradi — prognoz

eʼlon qilindi
Foto: Gazprom.ru

«Gazprom» Markaziy Osiyo mamlakatlari – O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga gaz eksportini oshirishi mumkin. Bu haqda «Economist.kg» xabar berdi.

Oilcapital ma’lumotlariga ko‘ra, «Gazprom» tabiiy gaz eksportini yiliga 19-20 milliard kubometrgacha oshirishi mumkin. Kompaniyaga qarashli «Gazprombank»ning Iqtisodiy prognozlash markazi tahlilchilari ham ana shunday fikrni ilgari surmoqda.

2030-yilga borib asosiy o‘sish O‘zbekistonga bo‘lishi kutilmoqda: ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, import qilingan gaz iste’moli yiliga taxminan 3 milliard kubometrdan 12 milliard kubometrgacha oshishi mumkin. Keltirilgan sabablar orasida aholining o‘sishi va sanoat ishlab chiqarishi, shuningdek, mamlakatning o‘zida gaz ishlab chiqarishining pasayishi ham bor.

Qozog‘iston qo‘shimcha hajmdagi Rossiya gazini olishi mumkin: 2026-yilda mamlakat orqali yetkazib berish 10 milliard kubometrgacha oshishi kutilmoqda. Qozog‘iston, shuningdek, O‘zbekiston va ehtimol Qirg‘izistonga yetkazib berish uchun tranzit mamlakat bo‘lib xizmat qiladi.

Tahlilchilar Markaziy Osiyoga yetkazib berish hajmining oshishini Yevropaga gaz eksportining kamayishi fonida muqobil bozorlarni izlash bilan bog‘lamoqda. Shu munosabat bilan Rossiya allaqachon mintaqaga gaz yetkazib berishni ko‘paytirib kelmoqda. TASS ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Markaziy Osiyoga gaz yetkazib berish hajmi 2025-yilning yanvar va avgust oylari oralig‘ida 15 foizga oshdi. 2024-yilda «Gazprom» O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni 5,64 milliard kubometrgacha oshirgandi.

Avvalroq «Kursiv» qozog‘istonlik neft va gaz bo‘yicha mutaxassis Asqar Ismoilov beshta mamlakatning milliy gaz uzatish tizimlarini Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimiga o‘xshash yagona tarmoqqa birlashtiradigan Markaziy Osiyo gaz halqasini yaratishni taklif qilgani haqida yozgandi.

Shuningdek