Avto

Geely Galaxy V900 EREV MPV uchun buyurtmalar ochildi

Flyme Auto 2.0 multimediya tizimi Qualcomm Snapdragon 8295P chipi asosida ishlaydi
Foto: Geely

Geely Galaxy liniyasidagi ilk range-extender MPV modeli – Geely Galaxy V900 rasman oldindan buyurtmaga qo‘yildi. Dastlabki bron narxi taxminan $14 etib belgilandi. Model EREV texnologiyasiga ega bo‘lib, umumiy yurish masofasi 1 200 km ga yetadi.

Galaxy V900’ni to‘liq elektromobil bo‘lgan LEVC L380 modelining range-extender talqini sifatida baholash mumkin. So‘nggi ikki yil ichida Geely Geometry va LEVC brendlarini Galaxy tarkibiga birlashtirib, strategiyasini qayta shakllantirdi.

Foto: Geely

Tashqi dizaynda ikki qavatli old panel ajralib turadi. Old qismida uzunligi 1 750 mm bo‘lgan uzluksiz LED chiroq va xrom panjara joylashgan. Orqa fonarlar qanot shaklida ishlangan bo‘lib, kuzov yon tomonlariga cho‘zilgan. Old qismida 24K oltin rangdagi Pegasus logotipi joylashtirilgan.

Texnik jihatdan barcha versiyalar Geely Super AI Range-Extender tizimi bilan jihozlanadi. Kuch qurilmasi 1.5T benzin dvigateli va ikkita elektr motoridan iborat. Batareya hajmi 43,3 kVt·soat (CALB) yoki 50 kVt/soat (CATL) bo‘lishi mumkin. CLTC bo‘yicha sof elektr yurish masofasi mos ravishda 200 va 240 km ni tashkil etadi. Umumiy yurish zaxirasi 1 200 km ga yetadi.

Foto: Geely

Old elektr motor 90 kVt, orqa motor esa 250 kVt quvvatga ega. Umumiy quvvat 340 kVt, ya’ni 456 ot kuchini tashkil etadi. Dvigatelning issiqlik samaradorligi 47,26% ga yetadi. Geely ma’lumotiga ko‘ra, 1 litr yoqilg‘i 3,77 kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Avtomobil G-Pilot H5 ilg‘or haydovchiga yordam tizimi bilan ta’minlangan. Kompleks tarkibida lidar, uchta millimetrli radar, 12 ta ultratovushli datchik va 11 ta yuqori aniqlikdagi kamera bor.

Salon 6, 7 va 8 o‘rindiqli konfiguratsiyalarda taklif etiladi. Ikkinchi qatordagi nol tortish kuchi o‘rindiqlari oyoq qo‘ygich, ekran, shamollatish, isitish va massaj funksiyalariga ega. Ikkinchi va uchinchi qatorda oyoqlar uchun joy 1 000 mm dan oshadi. Yukxona hajmi maksimal 1 100 litrga yetadi.

Foto: Geely

Ichki makon oq va to‘q sariq ranglarda bezatilgan. Old panel uch qavatli dizaynga ega. Markazda katta sensorli ekran, raqamli panel va yassi pastki rul joylashgan. Flyme Auto 2.0 multimediya tizimi Qualcomm Snapdragon 8295P chipi asosida ishlaydi.

Qo‘shimcha qulayliklar qatorida 17,3 dyuymli tomga o‘rnatilgan ekran, 19,8 dyuymli AR-HUD, bukiladigan stollar, 9,1 litrli muzlatkich, 50 Vt quvvatli ikki simsiz zaryadlash paneli va 27 karnayli Flyme Sound audio tizimi bor.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Geely Monjaro Xitoyda eng ko‘p sotilgan krossoverlar ichida yetakchiga aylangani haqida yozgan edi.