Gadjetlar

Geymerlar uchun 2025-yilning eng uzoq quvvat saqlovchi smartfonlari qaysi

GSMArena mutaxassislari tuzgan Active Use Score reytingiga ko‘ra
Geymerlar uchun 2025-yilning eng uzoq quvvat saqlovchi smartfonlari qaysi
Geymerlar uchun 2025-yilning eng uzoq quvvat saqlovchi smartfonlari qaysi / Foto: GamesRadar

2025-yilda ko‘plab flagman smartfonlar batareya sig‘imi bo‘yicha sezilarli yaxshilandi. Bunda o‘yinlar uchun eng uzoq ishlaydigan modellarning aksariyati Xitoy brendlariga to‘g‘ri keldi. GSMArena mutaxassislari tuzgan Active Use Score reytingiga ko‘ra, quyida 2025-yilning eng avtonom smartfonlari keltirilgan.

OnePlus 15

OnePlus 15
OnePlus 15 / Foto: OnePlus

Reytingda birinchi o‘rinni OnePlus 15 egalladi. 7300 mA/soat batareya bilan u foydalanishda 23 soat 7 daqiqa ishlagan. Qurilma ayniqsa internetda ishlash va video ko‘rishda juda tejamkor chiqdi. O‘yinlar uchun esa 13 soatdan ortiq chidab beradi. 120 vattli tezkor quvvatlash batareyani 39 daqiqada to‘liq to‘ldiradi. Displeyi juda sifatli, ammo kamerasi bu yil kuchli baholanmadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tom’s Guide reytingida ham bu smartfon batareyasi kuchli modellar orasida 1-o‘rinni egallagandi.

Oppo Find X9 Pro

Oppo Find X9 Pro smartfoni
Oppo Find X9 Pro / Foto: Oppo

Ikkinchi o‘rinda Oppo Find X9 Pro joy oldi. 7500 mA/soat batareya bilan u deyarli 22 soat ishlagan. Qo‘ng‘iroqlar paytida samaradorligi biroz pastroq bo‘lsa-da, o‘yinlar, video va brauzerda juda yaxshi natija ko‘rsatdi. 100 vattli quvvatlash, kuchli kamera va 40 martagacha optik zumni kuchaytiruvchi aksessuari uning asosiy ustunliklaridan bo‘ldi.

iQOO 15

IQOO 15 / Foto: IQOO

Uchinchi o‘rinni iQOO 15 egalladi. 7000 mA/soat batareya smartfonga 21 soat 47 daqiqa ishlash imkonini berdi. Qurilma narx va unumdorlik nisbati bilan ajralib turadi. Kuchli protsessor, yorqin ekran va yetarli darajadagi kameralar kundalik foydalanish uchun qulay. O‘yinlar uchun esa 11 soatdan ortiq ishlashni qayd etdi.

Realme GT 7

Realme
Realme GT 7 / Foto: Realme

To‘rtinchi o‘rinda Realme GT 7 turibdi. 7000 mA/soat batareya bilan u 21 soat ishlagan. Asosan onlayn video tomosha qilishda yaxshi natija ko‘rsatgan. O‘yinlar uchun esa 13 soatga yaqin natijani qayd etdi. OLED ekrani va barqaror ishlashi bilan o‘tgan avlod flagmanlari darajasida baholangan.

Xiaomi 17 Pro Max

Xiaomi 17 Pro Max / Foto: Videodan ekran tasviri

Beshinchi o‘rinni Xiaomi 17 Pro Max egalladi. 7500 mA/soat batareya va katta AMOLED ekran bilan u 20 soat 50 daqiqa ishlagan. 100 vattli quvvatlash 39 daqiqada batareyani to‘ldiradi. Orqa paneldagi qo‘shimcha displey smartfonga o‘ziga xoslik beradi. Mazkur model geymerlar uchun ham mos bo‘lib, 11 soat 29 daqiqagacha ishlashni qayd etgan.

Shuningdek, 26-dekabr kuni premyerasi kutilayotgan Honor Win ham avtonomlik borasida davogarlik qilishi mumkin. 10 000 mA/soat sig‘imli akkumulyator o‘rtacha quvvat bankiga teng bo‘lib, o‘lchamlari va og‘irligi bo‘yicha yuqoridagi raqobatchilardan unchalik farq qilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yilning eng uzoq ishlaydigan smartfonlari: batareyasi kuchli modellar haqida ma’lumot berilgandi.