Avto

Jaguar benzinli avtomobillar bilan rasman xayrlashmoqda

Jaguar elektr platformaga to‘liq o‘tishga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Foto: Jaguar

Jaguar benzinli avtomobillar bilan rasman xayrlashdi. Bu haqda Carcoops xabar bermoqda. 19-dekabr kuni Jaguar zavodidan ichki yonuv dvigatelli so‘nggi avtomobil chiqarildi.

So‘nggi avtomobil qora rangda chiqarildi. Bu qaror brend tarixidagi oxirgi E-Type modeliga hurmat sifatida talqin qilinmoqda.

Mazkur F-Pace SVR Jaguar Daimler Heritage Trust fondi kolleksiyasiga topshirildi. U yerda brendning muhim tarixiy modellari saqlanadi. Bu voqea Jaguar’ning benzinli dvigatellar davri rasman yakunlanganini anglatadi.

Foto: Jaguar

Endi kompaniya yangi avtomobillar ishlab chiqarmaydi. Jaguar elektr platformaga to‘liq o‘tishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Keyingi model elektr GT bo‘ladi. U Type 00 konsepti asosida yaratiladi.

Seriyali elektr GT taqdimoti 2026-yilga rejalashtirilgan. Avtomobil 692 km gacha yurish zaxirasiga ega bo‘lishi kutilmoqda. Kuch qurilmasi uch dvigateldan iborat bo‘lishi mumkin. Quvvati qariyb 1000 ot kuchiga yetishi taxmin qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan superkar Jaguar Type 00 namoyish etilgani haqida yozgan edi.