Yangiliklar

Namanganda yetti yoshli qizni zo‘rlagan erkak 18 yilga qamaldi

Sud qaroriga binoan, erkak o‘ta xavfli retsidivist deb topildi
Namanganda yetti yoshli qizni zo‘rlagan erkak 18 yilga qamaldi
Namanganda yetti yoshli qizni zo‘rlagan erkak 18 yilga qamaldi / Foto: Yerwa Express News

2025-yil 14-oktabr kuni Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida og‘ir jinoyat sodir etilgani haqida ichki ishlar organlariga xabar kelib tushdi. Unga ko‘ra, 2018-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qiz qarindoshlari bilan bo‘lib o‘tayotgan to‘y marosimi vaqtida noma’lum shaxs tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan.

O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida jinoyatni sodir etishda gumonlangan 1987-yilda tug‘ilgan, avval sudlangan fuqaro aniqlanib, qo‘lga olindi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Mazkur ish joriy yilning 24-dekabr kuni Yangiqo‘rg‘on tumani sudida yopiq majlisda ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, ayblanuvchi voyaga yetmagan qizga nisbatan bir nechta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Xususan Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi, 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismi va 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi bilan 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, sud qaroriga binoan, u o‘ta xavfli retsidivist deb topilib, belgilangan jazoning dastlabki 3 yilini turmada, qolgan qismini esa maxsus tartibli koloniyada o‘tashi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda 16 yoshli qizni zo‘rlab o‘ldirgan o‘zbekistonlik umrbodga qamalgandi. Sudda erkak o‘z aybini to‘liq tan olmagan, biroq sud tergov tomonidan taqdim qilingan dalillarni yetarli va ishonchli deb topgan.

Joriy yilning 24-dekabr kuni «2026 – 2030-yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-fevraldan zo‘ravonlik oqibatida oilasidan ajratilgan, shuningdek, o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan va ijtimoiy jihatdan xavfli ahvoldagi bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi.