O‘monda onasi tashlab ketgan bolakay O‘zbekistonga qaytarildi

O‘mon poytaxti Maskat shahrida onasi tomonidan hujjatsiz qoldirib ketilgan 2023-yilda tug‘ilgan o‘zbekistonlik bola Toshkentga qaytarildi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar bermoqda.
O‘zbekiston elchixonasi O‘monning tegishli idoralari bilan olib borgan muzokaralari natijasida bolaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma rasmiylashtirilgan. 18-dekabr kuni u elchixona xodimi hamrohligida Maskat — Dubay — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonga olib kelindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bolaning onasi tug‘ruqxonaga nikoh tuzilganligi haqida hujjat taqdim etmagani sababli chaqaloqqa o‘z vaqtida hujjat olinmagan. Bundan tashqari, ayolga nisbatan O‘monda jinoiy ish qo‘zg‘atilgani bois u tug‘ruqxonani yashirincha tark etgan. Keyinchalik onasi bolani vaqtincha qarash bahonasida suriyaliklar xonadonida qoldirib, 2023-yilda O‘zbekistonga qochib ketgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qirg‘iziston prezidenti o‘quvchiga o‘z telefonini sovg‘a qilgani haqida xabar bergan edi.