Gadjetlar

OnePlus Turbo smartfonining suratlari va xususiyatlari oshkor bo‘ldi

Qurilma Xitoy bozorida Turbo liniyasi ostida, global bozorda esa Nord seriyasiga mansub bo‘lishi kutilmoqda
Foto: Android Headlines

Android Headlines nashri OnePlus Turbo smartfonining real suratlari va texnik tafsilotlarini e’lon qildi. Qurilma Xitoy bozorida Turbo liniyasi ostida, global bozorda esa Nord seriyasiga mansub bo‘lishi kutilmoqda.

Smartfon 9000 mA/soatli batareya bilan jihozlanadi va 80 Vt quvvatdagi tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu ko‘rsatkich uni o‘rta segmentdagi eng uzoq ishlaydigan modellardan biriga aylantiradi.

Turbo 6,8 dyuymli OLED displeyga ega bo‘ladi. Ekran 1,5K aniqlik va 144 Hz yangilanish chastotasini taqdim etadi. Qurilmaning yuragi sifatida Qualcomm’ning Snapdragon 7s Gen 4 protsessori tanlangan. Operativ xotira hajmi 8 GB bo‘ladi.

Foto: Android Headlines

Asosiy blok 50 va 8 MP datchiklardan iborat. Old kamera esa 32 MP aniqlikka ega. Smartfon Android 16 operatsion tizimi va Oxygen OS 16 interfeysi bilan ishlaydi.

Dizayn an’anaviy OnePlus uslubida yaratilgan. Kameralar bloki korpusning chap yuqori qismiga joylashtirilgan. Biroq materiallar tejamkorroq bo‘ladi, korpus plastmassadan tayyorlanadi.

Rasmiy taqdimot 2026-yil mart oyida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Smartfon Xitoyda Turbo seriyasi nomi ostida sotuvga chiqariladi. Global bozor uchun esa Nord liniyasiga moslashtirilgan variant tayyorlanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri OnePlus 15R smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.