Gadjetlar

Oppo Pad Air 5 plansheti arzon narxda taqdim etildi

Narxi $270 dan $385 gacha
Oppo Pad Air 5 plansheti arzon narxda taqdim etildi / Foto: Oppo

Oppo kompaniyasi yangi Oppo Pad Air 5 planshetini arzon narxlarda taqdim etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Qurilma ekrani 12 dyuymli IPS displey bilan jihozlangan. Displey 2800 x 1980 piksel o‘lchamga ega, 120 Gts yangilanish tezligini qo‘llab-quvvatlaydi va yorqinligi 900 kd/m² gacha yetadi. Bundan tashqari, Soft Light versiyasi ham mavjud bo‘lib, maxsus plyonka yordamida tasvirni vizual jihatdan yumshatadi.

Pad Air 5 plansheti Dimensity 7300-Ultra protsessoriga ega. U eng yuqori darajadagi protsessor bo‘lmasa-da, o‘z narxi uchun yetarlicha samarali ishlaydi. Qurilmaning o‘lchamlari 266 x 193 x 6,8 mm, vazni esa 599 gramm.

Planshet 8/128, 8/256 va 12/256 GB xotira variantlarida taqdim etilgan. 10 050 mA·soat sig‘imli akkumulyator qurilmaga uzoq muddat ishlash imkonini beradi. Shuningdek, u 33 vatt quvvat bilan zaryadlanadi, Wi-Fi 6 tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi va 8 megapikselli kameraga ega.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oppo 95 dollarlik A6x smartfonini taqdim etgan edi.