
Toshkent viloyatida avval ham 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish jinoyatini sodir qilgani uchun sudlangan pedofil sud hukmi bilan o‘ta xavfli retsidivist deb topildi va qamaldi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar berdi.
Ohangaron tumanida joylashgan manzil koloniyadan qochib, 3-sinfda o‘qiydigan qizni zo‘rlagan pedofilga nisbatan sud ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida nihoyasiga yetdi va yakuniy hukm chiqarildi.
E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq 31 yoshli ayblanuvchi 9 yoshli qizga nisbatan Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 34-moddasi (retsidiv jinoyat) 3-qismi «a» bandiga asosan u o‘ta xavfli retsidivist deb topildi. Sud hukmiga asosan ayblanuvchi tayinlangan jazo muddatining dastlabki 2 yilini turmada, jazoning qolgan muddatini maxsus tartibli koloniyalarda o‘taydi.
Bundan tashqari, birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyat sudining apellyatsiya/kassatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilindi.
Ushbu jinoyat joriy yilning 16-oktabr kuni sodir etilgandi. Ohangaron tumanidagi 50-son manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan ayblanuvchi «P.B.» korxonasiga foydali mehnatga jalb qilinganida «noma’lum tomonga ketib qolib», yosh qizni zo‘rlagani aytilgandi. U shu kunning o‘zida protsessual tartibda ushlangan va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Avvalroq «Kursiv» Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida joylashgan manzil koloniyadan qochib, 3-sinfda o‘qiydigan qizni zo‘rlagan pedofilga nisbatan yopiq sud ishi boshlangani haqida yozgandi.
Shuningdek, Namanganda yetti yoshli qizni zo‘rlagan erkak 18 yilga qamalgandi. Qozog‘istonda 16 yoshli qizni zo‘rlab o‘ldirgan o‘zbekistonlik esa umrbodga ozodlikdan mahrum qilindi.