Gadjetlar

Samsung S Pen’ni qayta joriy qilishi mumkin

Avvalroq Samsung ayrim Galaxy Z Fold modellarida S Pen qo‘llab-quvvatlashni taklif qilgan edi
Foto: Sammobile

Samsung S Pen’ni buklanadigan smartfonlar segmentida qayta joriy qilishi mumkin. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.

Avvalroq Samsung ayrim Galaxy Z Fold modellarida S Pen qo‘llab-quvvatlashni taklif qilgan edi. Manbalarga ko‘ra, Samsung yangi buklanadigan smartfon ustida ishlamoqda. Ushbu model hozirgi Galaxy Z Fold qurilmalariga nisbatan kengroq bo‘ladi. U aynan Apple’ning ilk iPhone Fold modeli bilan raqobat qilish uchun ishlab chiqilmoqda.

Yangi Galaxy Fold modeli S Pen’ni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu qurilma Galaxy Z Fold 8’dan alohida bo‘ladi va Fold 8 modelida stilus bo‘lmasligi mumkin. S Pen ishlashi uchun displeyga maxsus digitayzer qo‘shilishi talab qilinadi. Shu sabab yangi model qalinroq bo‘lishi ehtimoldan holi emas.

Samsung so‘nggi yillarda buklanadigan qurilmalar qatorini faol kengaytirmoqda. 2025-yilda Galaxy Z Flip 7 FE va Galaxy Z TriFold taqdim etildi. Endi esa kompaniya yana bir modelni qo‘shib, Apple’ning buklanadigan iPhone’iga jiddiy javob berishni rejalashtirayotganga o‘xshaydi.

Hozircha bu yangi Galaxy Fold modeli qachon va qaysi nom ostida chiqishi noma’lum.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung One UI 8.5’ni yigirmadan ortiq smartfonda sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgan edi.