
Dubayda o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionati finalidagi shov-shuvli bahsdan so‘ng, rossiyalik bokschi Vsevolod Shumkov o‘zbekistonlik Olimpiada chempioni Abdumalik Xalokov bilan revansh jangini o‘tkazishga tayyor ekanini bildirdi.
Shumkov o‘z bayonotida o‘zbek xalqiga hurmati baland ekanini ta’kidlab, jangni raqibining vatanida o‘tkazishga ham tayyorligini ma’lum qildi. U siyosiy sabablar tufayli terma jamoasi Parij Olimpiadasida qatnashmaganini, aks holda natijalar boshqacha bo‘lishi mumkinligini iddao qildi.
«Xalokovga revansh berishni taklif qilishganda, men ikkilanmay rozi bo‘ldim. O‘z unvonimni hatto raqibimning vatanida, Toshkentda ham himoya qilishga tayyorman. Har qanday shart, har qanday joyda», – dedi rossiyalik bokschi.
Eslatib o‘tamiz, Dubayda o‘tgan IBA Jahon chempionati – 2025 finalida 60 kg vazn toifasida Vsevolod Shumkov hakamlarning qarori bilan g‘alaba qozongan edi. Jangdan so‘ng internetda rossiyalik bokschining Xalokovni tishlab olgani aks etgan video tarqaldi va bu o‘zbekistonlik muxlislar hamda mutaxassislar tomonidan keskin norozilikka sabab bo‘ldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan IBA Xalokov va Shumkov jangi natijasini o‘zgarishsiz qoldirgani haqida xabar bergan edi.