Surxondaryodagi 114 ta qazilma konlarida yuzga yaqin loyihalar amalga oshiriladi

eʼlon qilindi
Loyihalarning qiymati $3,2 milliardni tashkil qiladi
Surxondaryodagi 114 ta qazilma konlarida yuzga yaqin loyihalar amalga oshiriladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev 24-dekabr kuni Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni qisqartirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yig‘ilishda so‘nggi sakkiz yilda viloyatga 3 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb qilingani, 4 mingta sanoat korxonasi ishga tushirilgani qayd etildi. Sanoat ishlab chiqarish hajmi ikki barobarga oshib, joriy yilda 17,2 trln so‘mga yetishi kutilmoqda. Charm-poyabzal, zargarlik, qurilish materiallari va farmatsevtika kabi yangi tarmoqlar shakllangan.

Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha joriy yilda 126 ming oila kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 9,3 foizdan 5,6 foizgacha pasayishi kutilmoqda. «To‘palang» suv omboridan quvur tortilishi natijasida Sherobod, Boysun, Bandixon, Muzrabot, Oltinsoy, Angor, Jarqo‘rg‘on va Denov tumanlarida yashovchi 2 mln aholining ichimlik suv ta’minoti muammosi hal etildi.

Shu bilan birga, viloyat sanoat ishlab chiqarish hajmi Sirdaryo viloyatiga nisbatan 1,5 barobar, Jizzax viloyatidan 1,8 barobar va Xorazm viloyatidan 2 barobar kam ekani ko‘rsatib o‘tildi. Meva-sabzavot eksporti ham qator viloyatlar ko‘rsatkichlaridan pastligi qayd etildi.

Viloyatdagi qazilma boyliklar $600 mlrdga baholanayotgan bo‘lsa-da, ushbu salohiyat yetarli darajada ishga solinmayotgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan Surxondaryoni investitsiya, ish o‘rinlari va eksport sur’atlari yuqori bo‘lgan hududga aylantirish vazifasi belgilandi.

Kelgusi yilda aniqlangan 114 ta qazilma konlari asosida $3,2 mlrdlik 91 ta loyihani boshlash, shundan $2 mlrdlik qismini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Drayver loyihalar infratuzilmasiga 175 mlrd so‘m ajratilib, 1,2 trln so‘mlik 36 ta loyiha amalga oshiriladi va 9 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Turizm sohasida viloyatda 47 ta mehmonxona mavjudligi, 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar yo‘qligi qayd etilib, Boysun, Sangardak va Omonxona hududlarining turistik salohiyatidan samarali foydalanish vazifasi qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev to‘qimachilik sanoatining 2025-yil yakunlari va 2026-yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishgan edi.

Shuningdek