Yangiliklar

Xitoylik jinoiy guruhlar Telegram’ni yirik noqonuniy kriptobozorga aylantirmoqda

Guruhlar messenjerda darknet'dan ko‘ra kattaroq noqonuniy aylanmani shakllantirgan
Foto: BitDegree.org

Xitoylik uyushgan jinoiy guruhlar Telegram messenjerini dunyodagi eng yirik noqonuniy kriptovalyuta iqtisodiyoti platformasiga aylantirmoqda. Ushbu bozorlar hajmi bo‘yicha tarixiy darknet gigantlarini ortda qoldirgani aytilmoqda.

Elliptic ma’lumotlariga ko‘ra, Huione Guarantee platformasi 2021 – 2025-yillar oralig‘ida $27 mlrdlik mablag‘ni qayta ishlagan. Bu tarixda kuzatilgan har qanday darknet platformasidan kattaroq ko‘rsatkich hisoblanadi. Telegram may oyida ushbu kanalni bloklagan bo‘lsa-da, faoliyat boshqa bozorlarga ko‘chgan.

Hozirda Tudou Guarantee (oyiga $1,1 mlrd) va Xinbi Guarantee (oyiga $850 mln) platformalari yetakchilik qilmoqda. Ikki bozorning oylik hajmi mashhur AlphaBay noqonuniy bozorining butun tarixiy ko‘rsatkichidan oshib ketadi.

Ushbu bozorlar pul yuvish xizmatlari, soxta investitsiya platformalari, o‘g‘irlangan shaxsiy ma’lumotlar hamda SI yordamida yuz va ovozni o‘zgartirish vositalarini taklif qilmoqda. Asosiy mijozlar uzoq muddatli romantik va investitsion firibgarlik sxemalari ishtirokchilaridir. AQSh federal ma’lumotlariga ko‘ra, bunday firibgarliklar faqat Amerika fuqarolariga yiliga $10 mlrd zarar keltirmoqda.

Jinoiy faoliyat asosan Janubi-Sharqiy Osiyoda jamlangan. Hozirda xitoy tilida yuritiladigan 30 ga yaqin shunday bozorlar mavjud bo‘lib, ular yiliga o‘nlab milliard dollar mablag‘ni aylantiradi.

Avvalro Kursiv Uzbekistan Telegram 2024-yilda $540 mln foyda ko‘rgani haqida xabar bergan edi.