
Ichki ishlar vazirligi yong‘indan zarar ko‘rgan uyni tiklash uchun xalqdan mablag‘ yig‘ib, keyinchalik yangi avtomobil sotib olgan 19 yoshli bloger (Anora Shagayeva) bilan bog‘liq holatga izoh berdi. Unga ko‘ra, hozircha vazirlikka uning harakatlari yuzasidan rasmiy murojaat yoki shikoyatlar kelib tushmagan.
IIV matbuot xizmatining bildirishicha, bloger qiz bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan. Suhbat davomida u yong‘in haqidagi videolarni obunachilar sonini oshirish va moddiy manfaat olish maqsadida joylaganini tan olgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar unga bunday harakatlar sun’iy jamoatchilik shov-shuvini keltirib chiqarishi va jamiyatda salbiy munosabat uyg‘otishini tushuntirgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur holat keng muhokama qilinayotganiga qaramay, vazirlik holat bo‘yicha chora faqat o‘zini moddiy jihatdan zarar ko‘rgan deb hisoblaydigan fuqarolardan ariza kelib tushgandagina ko‘rilishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Real Sanjik» taxallusi bilan tanilgan bloger hibsga olingandi. Unga ko‘ra, bloger tovlamachilik va o‘qotar qurolni qonunga xilof ravishda saqlash kabi jinoyatlarda gumonlanmoqda. Hozircha rasmiy idoralar tomonidan voqea yuzasidan izoh berilmagan.