
Xiaomi kompaniyasi narxi $100 atrofida bo‘lgan yangi to‘liq simsiz quloqchinlari – Xiaomi Buds 6 modelini rasman taqdim etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Bu model flagman toifadagi vkladish (in-ear) quloqchinlar bo‘lib, nisbatan hamyonbop narxiga qaramay yuqori texnologik yechimlarni taklif etadi.

Yangi quloqchinlar uch magnitli maxsus drayverlar bilan jihozlangan. Dinamiklar 24 karatli oltin qoplamaga ega bo‘lib, Xiaomi ma’lumotiga ko‘ra, bu past chastotalarga sezgirlikni 40 foizga, yuqori chastotalarni esa 30 foizga oshiradi. E’lon qilingan tovush diapazoni 16 Gtsdan 40 kGtsgacha yetadi.
Xiaomi Buds 6 faol shovqinni bostirish (ANC) funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, Harman AudioEFX texnologiyasi ovozni yanada toza qilish, vokalni aniqroq chiqarish, baslarni esa chuqurroq va iliqroq eshittirishga xizmat qiladi.

Quloqchinlar 24 bit / 48 kGts formatdagi audio uzatishni, 2,1 Mbit/sgacha bo‘lgan bitreytni qo‘llab-quvvatlaydi. Ular SBC, AAC, aptX Adaptive va aptX Lossless kodeklari bilan ishlaydi hamda Snapdragon Sound va Hi-Res Audio Wireless sertifikatlariga ega.
Mos keluvchi qurilmalar bilan ulanilganda real vaqt rejimida nutqni matnga aylantirish, sun’iy intellekt asosidagi qisqa xulosa va tarjima kabi funksiyalar ham mavjud.
Avtonom ishlash vaqti quloqchinlarning o‘zida 6 soatni, futlyar bilan birga esa 35 soatgacha yetishi aytilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi 17 Ultra rasman taqdim etilgani haqida yozgandi.