2025-yilning dastlabki to‘qqiz oyida real ish haqi 9,1 foizga o‘sdi

2025-yilning III choragida O‘zbekistonda mehnat bozorida bo‘sh ish o‘rinlari, ish haqi va pul o‘tkazmalari o‘sdi, mehnat migratsiyasi yo‘nalishlari kengaydi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, III chorakda e’lon qilingan bo‘sh ish o‘rinlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,3 foizga oshdi. Vakansiyalarning asosiy qismi savdo (17,9 foiz), umumiy ovqatlanish (17,1 foiz) va ishlab chiqarish (17,0 foiz) sohalariga to‘g‘ri keldi. Ish qidirish faolligi biroz pasaygan bo‘lsa-da, faol rezyumelar soni yuqori darajada saqlanib qoldi.
So‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, kelgusi uch oyda ish o‘rinlarini ko‘paytirishni rejalashtirayotgan tadbirkorlar ulushi III chorakda o‘rtacha 33,9 foizni tashkil etdi, sentyabr oyida esa mavsumiy omillar sabab 30,8 foizgacha pasaydi. Shu bilan birga, ish o‘rinlarini qisqartirishni bildirganlar ulushi II chorakdagi 8,7 foizdan III chorakda 12,7 foizgacha oshdi. Qisqartirishlar asosan qurilish va savdo sohalarida kuzatildi.
2025-yilning dastlabki 9 oyida nominal ish haqi 19,2 foizga, real ish haqi esa 9,1 foizga o‘sdi. O‘rtacha oylik ish haqi 6,2 mln so‘mni tashkil etdi. Moliya va sug‘urta hamda AKT sohalarida ish haqi eng yuqori darajada saqlanib qoldi. Qurilish sohasida esa real ish haqi o‘sishi 0,1 foizga pasaydi. Hududlar kesimida eng yuqori real ish haqi o‘sishi Samarqandda (14,6 foiz), eng pasti Andijonda (2,9 foiz) qayd etildi.
III chorakda O‘zbekistonda real ish haqi o‘sishi Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori bo‘ldi. So‘mning dollarga nisbatan mustahkamlanishi fonida eng kam ish haqi dollar ekvivalentida $103 ni tashkil etdi.
Pul o‘tkazmalari hajmi III chorakda $5,7 mlrdga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 18,5 foizga oshdi. Boltiq davlatlari va boshqa mintaqalardan kelgan o‘tkazmalar eng yuqori o‘sish sur’atini ko‘rsatdi. Mehnat migratsiyasi yo‘nalishlari diversifikatsiyalangan bo‘lsa-da, Rossiya asosiy yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qaysi davlatlar iqtisodiyoti migrantlarning pullariga tayanishi haqida yozgan edik.