Yangiliklar

2026-yilda O‘zbekiston eksporti 40 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda

Yalpi ichki mahsulot hajmi $167 mlrdga yetishi prognoz qilinmoqda
Eksportchi tadbirkorlarga soliq
2026-yilda eksport 40 mlrd dollarga yetkazilishi kutilmoqda / Foro: smuayc / www.depositphotos.com

Kelgusi yilda mamlakat eksporti $40 mlrdga yetkazilishi, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushi esa 55 foizdan oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida 2026-yilda sanoatni rivojlantirishga qaratilgan yirik loyihalar haqida ma’lumot berdi.

Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida qiymati $2,7 mlrd bo‘lgan yangi metallurgiya majmuasi quriladi. Ushbu majmua yiliga 300 ming tonna mis katodi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.

Samarqand kimyo zavodida $381 mln investitsiya hisobiga fosforli va murakkab o‘g‘itlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda yiliga 370 ming tonna fosforli va 540 ming tonna murakkab o‘g‘it ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Qashqadaryoda esa $200 mlnlik kimyo zavodi qurilib, yiliga 50 ming tonna alkilbenzol mahsuloti ishlab chiqariladi.

Umuman olganda, 2026-yilda kimyo sanoatida $4,5 mlrdlik yangi loyihalar boshlanadi. Tog‘-kon metallurgiya, neft-gaz, avtomobilsozlik, to‘qimachilik va qurilish materiallari tarmoqlarining har birida $3 mlrddan loyiha amalga oshiriladi. Elektrotexnika sohasida $2 mlrd, farmatsevtika tarmog‘ida esa $800 mlnlik loyihalar ishga tushiriladi.

Natijada 2026-yilda mamlakat eksporti $40 mlrdga yetkazilishi, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushi esa 55 foizdan oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Kelgusi yilda iqtisodiyotda 6,6 foiz o‘sish ta’minlanib, yalpi ichki mahsulot hajmi $167 mlrdga yetishi prognoz qilinmoqda.

Shuningdek, endilikda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida sanoatda «Unumdorlik va samaradorlikni ikki karra oshirish» dasturi boshlanadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan mehnat unumdorligi va energiya samaradorligiga qaratilgan alohida loyiha amalga oshiriladi.

Ushbu loyiha doirasida xalqaro moliya institutlaridan $200 mln kredit va grantlar jalb qilinadi. Sanoat korxonalariga xorijdan malakali texnolog va muhandislar olib kelinadi, biznes jarayonlari raqamlashtiriladi, energiya va boshqa xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha auditlar o‘tkaziladi hamda ilg‘or texnologiyalar joriy etiladi. Shuningdek, «To‘rtinchi sanoat inqilobi markazi» tashkil etilib, robototexnika, «aqlli fabrika» va boshqa Industriya 4.0 yechimlarini sinovdan o‘tkazish va joriy etish imkoniyati yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 2026-yilda $50 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi.