2026-yilda O‘zbekistonda uy-joy ipotekasiga 23 trln so‘m ajratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi ehtiyojidan kelib chiqib, keyingi yil O‘zbekiston iqtisodiyotida eng katta talab yaratadigan uy-joy ipotekasiga 23 trln so‘m resurs ajratilishini ma’lum qildi.
Uy-joy sotib olishda boshlang‘ich to‘lov va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun 2 trln 700 mlrd so‘m subsidiya beriladi. Shuningdek, bitta kvartira uchun ajratiladigan imtiyozli ipoteka kreditining miqdori 15 foizga oshiriladi.
Shu bilan birga, 2026-yilda 140 mingta kvartirali ko‘p qavatli uy-joy barpo etilishi ro‘zg‘or uchun zarur iste’mol tovarlariga talabni moliyaviy manbalar bilan ta’minlash maqsadida 125 trln so‘mlik iste’mol krediti ajratilishi aytildi.
Bundan tashqari, murojaatnomada yangi yilda qurilish ishlari hajmini 11 foizga ko‘paytirib, $30 mlrdga yetkazish reja qilingani ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, joriy yilning o‘zida xizmatlar hajmi qariyb 15 foizga o‘sib, $82 mlrdga yetgan. Xizmatlarga bo‘lgan talabni rag‘batlantirish uchun 2026-yilda sohaga 85 trln so‘m kredit, 9 trln so‘m subsidiya ajratiladi. Xususan, ta’lim xizmatlari uchun budjetdan 7 trln so‘m beriladi.
Davlat rahbarining urg‘ulashicha, keyingi besh yilda xorijiy turistlar sonini 2 karra oshirish, turizm xizmatlari hajmini esa $20 mlrdga yetkazish bo‘yicha katta marra olinmoqda. Shu maqsadda turizm infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yildan boshlab paxta hosilining 50 foizini o‘z hisobidan yetishtirgan fermerlarga 5 foiz subsidiya berilishini aytgandi.