
Arzon smartfon tanlashda doim muayyan murosalarga tayyor bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Kam narx evaziga mukammal qurilma topish qiyin. Shuning uchun eng muhim jihatlarni to‘g‘ri baholash zarur. Quyida budjet smartfon tanlashda e’tibor berish kerak bo‘lgan asosiy mezonlar bir qator modellar misolida sodda tarzda tushuntiriladi.
Korpus sifati va qulaylik
Arzon smartfonlarda ko‘pincha e’tibordan chetda qoladigan, ammo juda muhim jihat bu korpus sifati hisoblanadi. Aynan u qurilmaning uzoq vaqt davomida qanday holatda saqlanishini belgilaydi. Smartfonni qo‘lga olib ko‘rganda bo‘shliqlar, g‘ichirlash yoki egilishlar yo‘qligini tekshirish muhim.
Masalan, budjet narxdagi HUAWEI nova 14i mustahkam plastikdan yasalgan bo‘lib, yig‘ilishi zich va ishonchli. Tugmalar qulay joylashgan. Katta ekran va sig‘imli batareya sababli telefonni ko‘pincha ikki qo‘l bilan ishlatishga to‘g‘ri keladi, bu esa budjet segmenti uchun odatiy hol.
Ekran xususiyatlari
Ekran kundalik foydalanishda eng muhim elementlardan biri. Budjet smartfonlarda matritsa turi, aniqligi va yangilanish chastotasiga e’tibor qaratish kerak. AMOLED ekranlar qimmat, shuning uchun sifatli IPS ekran ham yaxshi tanlov bo‘lishi mumkin.
Masalan, joriy yilda taqdim etilgan Motorola Moto G Power smartfoni ekrani IPS-panel, 6,8 dyuymli diagonal, Full HD+ aniqlik va 120 Hz yangilanish chastotasi bilan chiqqan.
Batareya sig‘imi
Batareya hajmi smartfon qancha vaqt zaryadsiz ishlashini belgilaydi. Odatda 5000 mA/soat bir kunlik foydalanish uchun yetarli bo‘ladi (agar tinimsiz foydalanmasa).
Masalan, nisbatan arzon narxdagi Asus ROG Phone 9 Pro smartfoni sinovlarda 20 soat 34 daqiqa ishlashni qayd etgan. Undagi 5 800 mA/soatli batareya va Snapdragon 8 Elite protsessori yuqori samaradorlikni ta’minlaydi. Unga 65W tezkor zaryadlash orqali 30 daqiqada 74% quvvat yig‘iladi.
Avvalroq geymerlar uchun 2025-yilning eng uzoq quvvat saqlovchi smartfonlari va batareyasi kuchli modellar haqida ma’lumot berilgandi.
Ishlash tezligi va xotira
Budjet segmentida rekord ko‘rsatkichlar kutilmaydi, ammo telefon barqaror va tez ishlashi shart. Ayrim arzon protsessorlarda faqat sust yadrolar bo‘lib, bu vaqt o‘tishi bilan sekinlikka olib keladi.
Masalan, OnePlus Nord 4 smartfoni bugungi kunda eng muvaffaqiyatli modellardan biri hisoblanadi. Unda kuchli Snapdragon 7 Plus Gen 3 protsessori, 100 Vt tezkor quvvat olish imkoniyati va bardoshli metall korpus mavjud.
Avvalroq 2026-yilda xotira chiplarining keskin qimmatlashuvi sabab, smartfonlar tannarxi va ayniqsa, arzon smartfonlarga bo‘lgan talab o‘zgarishi ma’lum qilingandi.
Kameralardan kutiladigan natija
Arzon smartfonlardagi ko‘p kameralar ko‘pincha faqat tashqi ko‘rinish uchun bo‘ladi. Asosiy e’tibor bosh kameraga qaratilishi kerak. Misol uchun, Samsung Galaxy A56 modeli uch kamerali tizim, tezkor 45 Vt quvvatlash va yaxshilangan batareya bilan keladi. To‘liq Galaxy AI bo‘lmasa-da, Circle to Search va Object Eraser kabi aqlli funksiyalar mavjud. Old kamera sifati ham sezilarli darajada yaxshilangan.
Umuman olganda, bu segmentdagi smartfonlarni tanlashda qaysi funksiyalar muhim, qaysilaridan voz kechish mumkinligini aniqlab olish zarur.
Eslatib o‘tamiz, bundan oldin 2025-yilning eng yaxshi hamyonbop smartfonlari haqida ma’lumot bergandik.