Bankomatni o‘marayotgan yigit, Maradonnaning 180 ming dollarlik yirtiq libosi, O‘zbekistonning fazoga birinchi safari — 26-dekabrning muhim yangiliklari

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan 26-dekabr kuni yuz bergan muhim yangiliklarni bir joyga jamladi
Снег в Ташкенте
Foto: Kursiv Uzbekistan

Kursiv Uzbekistan 26-dekabr kuni yuz bergan muhim yangiliklarni bir joyga jamladi.

Yangi yil munosabati bilan o‘zbekistonliklar necha kun dam oladi

Yangi yil bayrami munosabati bilan O‘zbekistonda bir necha kunlik dam olish kunlari belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 31-dekabr chorshanba kuni qo‘shimcha dam olish kuni hisoblanadi. 1-yanvar payshanba kuni Yangi yil bayrami sifatida nishonlanadi. 2-yanvar juma kuni ham qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilangan.

O‘zbekistonda kontaktsiz to‘lovlar hajmi 3,85 trln so‘mga yetdi

Markaziy bank bank kartalari bozoriga oid tahlilini chop etdi. Hisobotda (kontaktsiz) NFC orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar qiymati 3,85 trln so‘mga yetgani ma’lum qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda mamlakatda 298 turdagi bank karta mahsuloti mavjud. Ularning asosiy qismini debit kartalar tashkil qiladi. Xususan, 145 ta karta xorijiy valyutada, 103 tasi milliy valyutada, 39 tasi esa ko‘p valyutali hisoblanadi.

Maradonaning yirtilgan libosi 179 ming dollarga sotildi

Ispaniyaning Mundo Deportivo nashri xabar berishicha, argentinalik afsonaviy hujumchi Diego Maradonaning yirtilgan libosi kimoshdi savdosida rekord narxga sotildi.

Auksion paytida narx $145 minggacha ko‘tarildi, ammo 23 foizli soliq tufayli Maradonaning yirtilgan formasining yakuniy narxi $179 mingni tashkil etdi.

Toshkent shahrining dizayn-kodi jamoatchilik muhokamasiga chiqariladi

Poytaxtda uzoq kutilgan dizayn-kodni joriy etish va uni qo‘llashni tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjat ko‘rib chiqildi va qabul qilindi. Bu haqda 25-dekabr kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qurilish, kommunal xo‘jalik, suv xo‘jaligi, ekologiya, sanoat va transport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Kengash qaroriga muvofiq, dizayn-kodni tartibga soluvchi ilovalar yaqin kunlarda regulation.gov.uz platformasida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Ushbu jarayonda aholi hamda mutaxassislar hamjamiyati hujjat bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari, takliflari va savollarini bildirish imkoniga ega bo‘ladi.

2026-yilga budjet tasdiqlandi: qaysi sohalarga eng ko‘p pul ajratiladi

Prezident 2026-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat 2026-yil uchun konsolidatsiyalashgan budjetni shakllantirish va ijro etish tartibini belgilaydi.

Qonunga ko‘ra, respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar faqat 2026-moliya yili davomida ishlatiladi va keyingi yilga o‘tkazilmaydi.

2026-yil «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» etib belgilandi

O‘zbekistonda 2026-yil «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» etib nomlandi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida ma’lum qilindi.

Shuningdek, davlat rahbari O‘zbekiston eksporti sezilarli darajada oshganini ta’kidladi. Joriy davrda eksport hajmi 23 foizga ko‘payib, $33,4 mlrdni tashkil etdi. Oltinni hisobga olmaganda, eksport $23,5 mlrd darajasida bo‘ldi.

2026-yilda asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoladi

2026-yilda asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida ma’lum qildi.

Prezidentning ta’kidlashicha, kelgusi yilda asosiy maqsad aholini doimiy daromadli qilish. Bu jarayonda tadbirkorlar muhim rol o‘ynaydi. Ular sanoat va servis obyektlarini tashkil etib, yangi ish o‘rinlari yaratmoqda, yoshlar va xotin-qizlarni kasbga o‘rgatmoqda.

Toshkent bosh archasi balandligi bo‘yicha dunyo reytingidan joy oldi

O‘zbekiston poytaxtining bosh yangi yil archasi dunyo poytaxtlaridagi eng baland archalar ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.

Archaning balandligi 35 metr bo‘lib, u Toshkentni dunyoning yirik megapolislari qatoriga qo‘shdi. Reytingda Braziliya yetakchilik qilmoqda (57 metr). O‘zbekiston archasidan so‘ng Madrid (35 metr), Jakarta (33 metr), Buxarest va Lissabon (30 metr) hamda Vena (28 metr) archalari o‘rin olgan.

O‘zbekiston ham fazoga kosmonavt uchiradi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida endilikda o‘zbekistonlik kosmonavt ham fazoga uchishi va u yerda ajdodlar o‘rgangan yulduzlardan xabar olib kelishini aytdi.

«Bugun sizlarga yana bir muhim yangilikni aytmoqchiman. Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sun’iy yo‘ldosh va mamlakatimiz fuqarosi bo‘lgan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish bo‘yicha ishlarni boshladik», – dedi davlat rahbari.

Toshkentda katta qarzga botgan yigit bankomatni o‘marmoqchi bo‘ldi

Toshkentda soxta treyderga ishonib, katta qarzga botgan yigit bankomatni buzib, pul o‘g‘irlamoqchi bo‘ldi. Hodisa Chilonzor tumanida sodir bo‘lganini poytaxt IIBB axborot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, voqea tungi soat 2:30 lar atrofida yuz bergan. Noma’lum shaxs bankomat oldiga kelib, bir muddat atrofni kuzatgan va hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, uni buzishga uringan. Yigit yerdan tosh olib, bankomatning temir qutisini urib ochishga harakat qilgan. Natijada tashqi quti shikastlangan, biroq ichidagi seyfni ochishning uddasidan chiqa olmagan. Shundan so‘ng u voqea joyidan yashiringan.

Shuningdek