
Tayyorlanishi oson, ta’mi esa bir vaqtning o‘zida pechenye, keks va sutli korjikni eslatadigan malinali «skon» – tashqi tomondan qarsildoq, ichi esa yumshoq bo‘lgan pishiriq. U ertalabki choy yoki qahva uchun ayni muddao bo‘lib, yangi yoki muzlatilgan malina bilan yanada xushbo‘y va yoqimli ta’mga ega bo‘ladi.
Masalliqlar
| Masalliq | Miqdori |
|---|---|
| Un | 360 gramm |
| Shakar | 60 gramm |
| Qabartma (razrixlitel) | 1 osh qoshiq |
| Vanilin | 1 choy qoshiq |
| Tuz | 1 choy qoshiq |
| Muzdek sariyog‘ | 170 gramm |
| Sut | 180 ml |
| Malina | 100 gramm |
| Shakar upasi | 120 gramm |
| Limon sharbati | 2 osh qoshiq |
| Sut (glazur uchun) | 3 osh qoshiq |
| Sut (ustiga surtish uchun) | 2 osh qoshiq |
| Shakar (ustiga sepish uchun) | 2 osh qoshiq |
Tayyorlash usuli
1-bosqich
Idishga elangan un, mayda bo‘laklarga kesilgan muzdek sariyog‘, shakar, tuz, vanilin va qabartma solinadi. Barcha masalliqlar qo‘l bilan mayda kroshka holiga kelguncha uqalanadi.
2-bosqich
Hosil bo‘lgan kroshkaga sut qo‘shilib, xamir qo‘lda aralashtiriladi.
3-bosqich
Xamirga yangi yoki muzlatilgan malina qo‘shilib, tez harakatlar bilan qoriladi.
4-bosqich
Pergament qog‘ozi biroz unlanadi. Xamir ustiga qo‘yilib, qo‘l bilan 1,5-2 sm qalinlikda yoyiladi.
5-bosqich
Xamir pichoq yordamida 6 bo‘lakka bo‘linib, orasida masofa qoldirilgan holda joylashtiriladi.
6-bosqich
Pergament bilan birga patnisga olinadi. Har bir skonnning ustiga sut surtilib, shakar sepiladi. 190°C darajagacha qizdirilgan pechda 25–30 daqiqa davomida qizarguncha pishiriladi.
7-bosqich
Glazur uchun shakar upasi, limon sharbati va sut idishda aralashtiriladi. Zarurat bo‘lsa, yana 1 choy qoshiqdan sut yoki limon sharbati qo‘shiladi.
8-bosqich
Pishgan skonlar panjaraga olinib sovitiladi. Iliq holida har birining ustiga 1 choy qoshiq glazur quyiladi va taxminan 30 daqiqa davomida glazur qotguncha qoldiriladi.
Yoqimli ishtaha!