Ferrari Yangi yil munosabati bilan rangini o‘zgartirdi

26-dekabr 2025 13:46 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Tarantas news

Novitec atelyesi Ferrari SF90 Spider modelining bayramona talqinini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya o‘z ijtimoiy tarmoqlarida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Tarantas News nashri.

Yangi yil kayfiyatiga mos yaratilgan superkar dizaynda yangilangan bo‘lib, texnik qismga deyarli aralashilmagan.

Novitec mutaxassislari asosiy e’tiborni tashqi ko‘rinish va yurish qismiga qaratgan. Ferrari SF90 Spider’ning standart kuch qurilmasi saqlab qolingan. Avtomobil 4,0 litrli, ikki turbinali V8 dvigatel va uchta elektromotordan iborat gibrid tizim bilan jihozlangan. Umumiy quvvat 986 ot kuchini tashkil etadi.

Superkar 0 dan 100 km/soatgacha 2,5 soniyada, 200 km/soatgacha esa taxminan 7 soniyada tezlashadi. Maksimal tezligi 340 km/soat, bu ko‘rsatkich SF90 Stradale kupe versiyasi bilan teng.

Foto: Tarantas News

Novitec versiyasida avtomobilning osma tizimi pasaytirilgan, kuzovning pastki qismiga ixcham aerodinamik elementlar o‘rnatilgan va orqa qismida o‘rdak dumiga o‘xshash spoyler paydo bo‘lgan. Shuningdek, old va orqa o‘qlarda turli diametrdagi Vossen g‘ildirak disklaridan foydalanilgan. Sport uslubidagi chiqarish tizimi ham qo‘llanilgani taxmin qilinmoqda.

Bayramona Ferrari sariq rangda, qora yaltiroq aksentlar bilan bo‘yalgan. Salonida qora charm va alkantara materiallari ishlatilgan bo‘lib, sariq tikuvlar bilan uyg‘unlashtirilgan. Uglerod tolali detallarning ulushi standart versiyaga nisbatan ko‘paytirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ferrari yangi avlod avtomobillarida Samsung texnologiyalaridan foydalanishi haqida yozgandi.

Shuningdek