Yangiliklar

Jinoiy to‘dalar faoliyatiga chek qo‘yishga kuch-qudratimiz yetadi — prezident

Davlat rahbari o‘zini «qozi» deb hisoblaydigan guruhlar va ularga qo‘shilgan sportchilarni keskin tanqid qildi
Foto: Sky TV

Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘nggi paytlarda tadbirkorlarga bosim o‘tkazib, o‘zini qonundan ustun qo‘yayotgan jinoiy to‘dalar faoliyati kuzatilayotganini qayd etdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Prezident tinchlik va qonun ustuvorligi investitsiya hamda turizm rivoji uchun asosiy omil ekanini eslatib o‘tdi. Biroq, ayrim shaxslar o‘zini «qozi» deb hisoblab, odamlar o‘rtasidagi nizolarni noqonuniy hal qilishga urinayotgani, biznesni egallab olishga harakat qilayotgani va iqtisodiyotga zarar yetkazuvchi moliyaviy jinoyatlarni sodir etayotgani tanqid ostiga olindi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/12/img_3792.mp4

Ayniqsa, bilagida kuchi bor ayrim sportchilarning «oson pul topish» ilinjida ushbu jinoiy guruhlarga qo‘shilib qolayotgani achinarli holat sifatida baholandi. Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolaridan iborat jinoiy guruhlarning xorijdagi faoliyati mamlakatning xalqaro obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

«Hamma eshitib olsin: bunday jinoiy to‘dalar faoliyatiga chek qo‘yishga kuch-qudratimiz yetadi va buni albatta qilamiz! O‘zbekistonda fuqarolarimiz, tadbirkorlarimiz va investorlarni har qanday vaziyatda ham ishonchli himoya qiladigan davlat bor, Konstitutsiya bor, qonunlar bor», — dedi Shavkat Mirziyoyev

Avvalroq Kursiv Uzbekistan kelgusi yilda aviaparkdagi havo kemalari soni 120 taga yetkazilishi haqida xabar bergan edi.