Joker, dahshatli sunami va Zahiriddin Muhammad Bobur vafoti — kun tarixi

eʼlon qilindi
26-dekabrda sodir bo‘lgan tarixiy hodisalar
Foto: Screen Rant

26-dekabr sanasi insoniyat tarixida ham buyuk ilmiy kashfiyotlar, ham fojiali tabiiy ofatlar bilan muhrlangan. Bu kunda kimyo fanida inqilob yuz bergan, shuningdek, dunyo siyosati va san’atida o‘chmas iz qoldirgan shaxslar hayotdan ko‘z yumgan va dunyoga kelgan. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealari xronologik tartibda taqdim etadi.

Foto: Uzbekistan Travel

1530-yili buyuk sarkarda, shoir va Boburiylar sulolasi asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur vafot etdi. U dastlab Hindistonning Agra shahrida dafn etilgan bo‘lsa-da, keyinchalik vasiyatiga ko‘ra xoki o‘zi sevgan Kobul shahriga ko‘chirilgan. Bobur nafaqat davlat arbobi, balki «Boburnoma» kabi noyob memuar asar muallifi sifatida ham jahon adabiyoti va tarixida o‘chmas iz qoldirgan.

Foto: British Poles

1898-yilda mashhur fiziklar Mariya va Pyer Kyuri yangi kimyoviy element — radiyni kashf etganliklarini rasman e’lon qilishdi. Uran rudasini murakkab qayta ishlash jarayonida topilgan ushbu element radioaktivlik sohasidagi tadqiqotlarda inqilob yasadi. Bu kashfiyot fan rivojiga ulkan hissa qo‘shdi va keyinchalik Mariya Kyuriga ikkinchi Nobel mukofotini olib kelgan.

Foto: Edmunds

1933-yili Yaponiyada bugungi kunda dunyo avtosanoatining yetakchilaridan biri bo‘lgan «Nissan Motor Company»ga asos solindi. Kompaniya dastlab «Jidosha-Seizo Kabushiki-Kaisha» nomi bilan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, keyinchalik o‘z nomini o‘zgartirgan. Yillar davomida brend innovatsion texnologiyalari va ishonchli avtomobillari bilan global bozorni egallashga muvaffaq bo‘ldi.

Foto: ABC News

1971-yilda amerikalik aktyor va musiqachi Jared Leto dunyoga keldi. «Thirty Seconds to Mars» rok guruhi solisti sifatida tanilgan san’atkor kino olamida ham katta muvaffaqiyatlarga erishib, Joker roli sababli tanilgan. U o‘zining turli murakkab obrazlarga kirisha olish qobiliyati va o‘ziga xos uslubi bilan Gollivudda alohida o‘ringa ega.

Foto: History.com

1972-yili AQShning 33-prezidenti Garri Trumen 88 yoshida vafot etdi. Uning prezidentlik davri Ikkinchi jahon urushining yakunlanishi, Yaponiyaga atom bombasi tashlanishi va «sovuq urush»ning boshlanishi kabi ziddiyatli voqealar bilan tarixda qolgan. Trumen, shuningdek, urushdan keyingi Yevropani iqtisodiy tiklashga qaratilgan mashhur «Marshall rejasi» tashabbuskori sanaladi.

Foto: National Museum Of American History

1982-yilda nufuzli «Time» jurnali o‘z tarixida ilk bor «Yil odami» nomini insonga emas, balki shaxsiy kompyuterga berdi. Nashr bu orqali axborot texnologiyalari davri boshlanayotganini va kompyuterlar inson hayotini tubdan o‘zgartirib yuborishini bashorat qilgan edi. Bu voqea raqamli inqilobning rasmiy e’tirofi sifatida baholanadi.

Foto: Fox News

1986-yili birato‘la ikki mashhur shaxs tavallud topdi. Ulardan biri «Taxtlar o‘yini» serialidagi Jon Snou roli bilan dunyoga tanilgan ingliz aktyori Kit Xarington bo‘lsa, ikkinchisi fransiyalik mashhur futbol darvozaboni Ugo Llorisdir. Lloris Fransiya terma jamoasi sardori sifatida 2018-yilda Jahon chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan va o‘z pozitsiyasida dunyoning eng kuchli darvozabonlaridan biri hisoblanadi.

Foto: CNN

2004-yilda Hind okeanida zamonaviy tarixdagi eng dahshatli tabiiy ofatlardan biri yuz berdi. Sumatra oroli yaqinidagi 9,1–9,3 magnitudali kuchli zilzila halokatli sunamini keltirib chiqardi. Tabiiy ofat oqibatda Tailand, Indoneziya, Shri-Lanka va Hindistonda jami 230 mingga yaqin inson halok bo‘ldi, millionlab odamlar esa boshpanasiz qoldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 25-dekabr sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.

Shuningdek