Yangiliklar

Kapital bozorni rivojlantirish orqali 1 mlrd dollar jalb qilish rejalashtirilmoqda

«Kapital bozori to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasini qisqa muddatda qabul qilish lozimligi qayd etildi
Foto: UE

O‘zbekistonda kapital bozorni rivojlantirish orqali $1 mlrd jalb qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda. Bu yo‘nalishda xalqaro moliya tashkilotlari bilan birgalikda ishlab chiqilgan «Kapital bozori to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasini qisqa muddatda qabul qilish lozimligi qayd etildi.

Kurs tebranishlari bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirish maqsadida mahalliy kompaniyalarga ichki bozorda xorijiy valyutada obligatsiya chiqarishga ruxsat beriladi. Shuningdek, 2026-yildan boshlab korxonalar ilk bor xalqaro moliya bozorlarida o‘z aksiyalarini joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, kapital bozorni rivojlantirish orqali tadbirkorlar uchun qo‘shimcha $1 mlrd moliyaviy resurs jalb etish imkoniyati yaratiladi. Bu iqtisodiyotda uzoq muddatli investitsiyalar ulushini oshirishga xizmat qiladi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida «soya» iqtisodiyoti ulushi 45–50 foizdan 28 foizgacha qisqargani qayd etildi. Shu bilan birga, bu natija dastlabki qadam ekani, oldinda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar talay ekani bildirildi.

Mazkur ishlarni yanada kuchaytirish maqsadida 2026-yildan boshlab barcha davlat xizmatlari va kommunal to‘lovlar, gaz va benzin savdosi, alkogol va tamaki mahsulotlari, shuningdek, avtomobil hamda ko‘chmas mulk savdolari to‘liq naqdsiz to‘lov shakliga o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, soliq, bojxona, sanepidemnazorat, standartlashtirish, karantin, qurilish nazorati va yong‘in xavfsizligi kabi 17 turdagi tekshiruvda xodimlar tomonidan yonkamera qo‘llash majburiy etib belgilanadi.

Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» O‘zbekiston 2026-yilda $50 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.